“Ozarbayjonga tahdid qilish yaxshilikka olib kelmaydi”. Baku Borrelga javob berdi
Olam
−
14 noyabr 2023 9445 2 daqiqa
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati rahbari Jozep Borrelning Armanistonning hududiy yaxlitligini buzish oqibatlari haqidagi bayonotlarini tanqid qilib, bunday chiqishni qabul qilib bo‘lmas, deb atadi. Bu haqdagi vazirlikning tegishli munosabati e’lon qilindi.
“Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel tomonidan Ozarbayjonga qarshi qo‘yilgan ayblovlar mintaqada hukm surayotgan voqelikni ataylab buzib ko‘rsatadi. U mutlaqo noadekvat va qabul qilib bo‘lmasdir”, deyiladi TIV xabarida.
Qayd etilishicha, Armanistonning Ozarbayjonga nisbatan deyarli 30 yillik agressiyasi va ozarbayjonlarga nisbatan etnik tozalash siyosatiga Yevropa Ittifoqining befarqligi fonida Armanistonni qo‘llab-quvvatlash ifodasi va Ozarbayjonga tahdidlar Bryusselning noxolis siyosati va ikki tomonlama standartlariga yaqqol misol bo‘la oladi.
“Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmatining ma’lum hududlarda ko‘rsatgan ikkiyuzlamachi yondashuvlaridan ko‘rinib turibdiki, bu tashkilot noto‘g‘ri qadamlar qurboniga aylangan. Bundan tashqari, Armanistonni xalqaro huquq normalari va tamoyillariga muvofiq harakat qilishga undash uchun hech qanday chora ko‘rmagan Yevropa Ittifoqi vakilining ayblovlari Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi va suverenitetiga tahdid solmoqda”, deyiladi rasmiy Bakuning munosabatida,
Shuningdek, Baku Yevropa Ittifoqining Armanistonni qurollantirish borasidagi sa’y-harakatlarini Janubiy Kavkazni mintaqadagi yangi qarama-qarshiliklarga tortish siyosatini rag‘batlantirish, deb hisoblashini bildirgan.
“Buning uchun javobgarlik ham Yevropa Ittifoqi zimmasiga tushadi. Ozarbayjon bilan tahdidlar tilida gaplashishni qabul qilib bo‘lmaydi. Har qanday nodo‘stona harakat ijobiy natijalarga olib kelmaydi va ularga adekvat javob beriladi”, deyiladi TIV bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 13 noyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi kengashining tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasidagi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Borrel Yevropa Ittifoqi Ozarbayjonni Armaniston hududiy yaxlitligi har qanday buzilishining “og‘ir oqibatlari” haqida ogohlantirganini aytgandi. U, shuningdek, Yevropa Ittifoqi Armanistonga Yevropa tinchlik jamg‘armasi doirasida harbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ta’kidlagandi.
Bundan oldinroq esa OAVda Fransiya Armanistonga Bastion ko‘p maqsadli hujumchi zirhli texnikalarini yetkazib bergani haqida xabarlar tarqalgandi. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Fransiyaning bu harakatini qoralab, harbiy texnikaning yetkazib berilishi Armanistonning mintaqadagi harbiy salohiyati va buzg‘unchi faoliyatini kuchaytirishga xizmat qilishini bildirgandi.
Live
Barchasi