Ozarbayjonda ham hukumat iste’foga chiqdi
Olam
−
14 fevral
4487Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Ilhom Aliyev bugun, 14 fevral kuni qasamyod qildi. Bu haqda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.
Shu munosabat bilan Ozarbayjon Konstitutsiyasining 116-moddasida ko‘rsatilgan qonunga ko‘ra Ozarbayjonda Vazirlar Mahkamasi iste’foga chiqdi.
Mamlakat Konstitutsiyasining 103-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti qasamyod qilgan kundan boshlab o‘z vakolatlarini amalga oshirishga kirishgan hisoblanadi.
Konstitutsiyaning 116-moddasida Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Prezident o‘z lavozimiga kirishib, o‘z vakolatlarini amalga oshirishni boshlagan kunidan boshlab Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzurida iste’foga chiqishi belgilab qo‘yilgan.
Konstitutsiyaning 118-moddasiga ko‘ra, Bosh vazir Milliy Majlisning roziligi bilan Prezident tomonidan tayinlanadi. Bosh vazir lavozimiga nomzodlik taklifi Prezident tomonidan o‘z vazifalarini bajarishga kirishgan kundan e’tiboran bir oy yoki Vazirlar Mahkamasi iste’foga chiqqan kundan e’tiboran ikki hafta ichida Milliy Majlis muhokamasiga kiritiladi.
Milliy Majlis Bosh vazir lavozimiga nomzod to‘g‘risidagi qarorni ushbu nomzod taqdim etilgan kundan e’tiboran bir haftadan kechiktirmay qabul qiladi. Belgilangan qoida buzilgan taqdirda yoki Prezident tomonidan taqdim etilgan nomzodlar Bosh vazir lavozimiga uch marta tasdiqlanmasa, Prezident Milliy Majlisning roziligisiz Bosh vazirni tayinlashi mumkin.
Shuningdek, 121-moddaga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar ham belgilab berildi. Saylovda qatnashish huquqiga ega, oliy ma’lumotli bo‘lgan va boshqa davlatlar oldida majburiyatlari bo‘lmagan Ozarbayjon fuqarosi Bosh vazir, Bosh vazir o‘rinbosari, vazir, boshqa markaziy ijro etuvchi hokimiyat rahbari lavozimlariga tayinlanadi.
122-moddada esa Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari, vazirlar, boshqa markaziy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbarlari saylanadigan yoki tayinlanadigan boshqa lavozimlarni egallashi mumkin emas. Bundan tashqari, tadbirkorlik, tijorat va boshqa haq to‘lanadigan faoliyat bilan shug‘ullana olmaydilar hamda xizmat maoshidan, shuningdek ilmiy, pedagogik va ijodiy faoliyat uchun olingan mablag‘lardan tashqari haq olishlari taqiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 fevral kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev respublika hukumati iste’fosini qabul qilgan edi.