Ozarbayjonda Prezident Administratsiyasining sobiq rahbari hibsga olindi

Olam

image

1995 yildan 2019 yilgacha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari, 2019 yildan 2022 yilgacha Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi prezidenti lavozimida faoliyat olib borgan Ramiz Mehdiyev mamlakat jinoyat kodeksining og‘ir moddalari bilan ayblanib, hibsga olindi. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Baku shahar Sabail tuman sudi tergov organi taqdimoti asosida Ramiz Anvar o‘g‘li Mehdiyevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha qaror qabul qilgan. Sud qaroriga ko‘ra, o‘ta og‘ir jinoiy qilmishlarda gumonlanayotgan Ramiz Mehdiyevga nisbatan taqdim etilgan iltimosnoma qanoatlantirilib, 4 oy muddatga uy qamog‘i ehtiyot chorasi tayinlangan. Ramiz Mehdiyev Yevropa davlatlarida mamlakatga qarshi jamoalarning vujudga kelishida muhim rol o‘ynagani va unga moliyaviy yordam ko‘rsatgani aytilmoqda. Ushbu faoliyatning asosiy maqsadi sifatida Rossiya manfaatlarini ilgari surib, Ozarbayjon va Yevropa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazish ko‘rilmoqda.

Mehdiyev Jinoyat kodeksining 278.1-moddasi (davlat hokimiyatini egallab olishga qaratilgan harakatlar), 274-moddasi (davlatga xiyonat), 193-1.3.2-moddasi (Jinoyat yo‘li bilan olingan mulkni qonuniylashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. 

Bundan tashqari, mamlakatning hukmron “Yangi Ozarbayjon” partiyasi faxriylar kengashi raisi Orif Rahimzoda Ramiz Mehdiyev partiyadan chiqarilishi haqida ma’lum qilgan. Rahimzodaning aytishicha, yaqin kunlarda bu borada tegishli partiya organlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

2019 yilda siyosiy hokimiyatni, 2022 yilda esa jamoat faoliyatini tark etgan mulozimning hibsga olinishi ortidan uning haddan tashqari katta boylikka ega ekani haqidagi iddaolar yuzaga chiqdi. Ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bahavo Novxoni qishlog‘ida keng uzumzorlar, Baku, Absheron va Goranboy tumanlarida jami 216 gektar ekin yer maydoni Mehdiyevlar oilasiga tegishli. Qolaversa, oilaning Goranboy tumanidagi Xinali qishlog‘idagi bog‘i 50 gektarni tashkil etadi. Mashtag‘a shaharchasidagi sobiq Subtropik O‘simliklar sovxozining hududida Galina Mehdiyevaga (xotini) tegishli 892 sotix, qizi Kamila Aliyevaga tegishli 240 sotix yer maydoni bor.

Ramiz Mehdiyevning kelini Nigor Mehdiyeva “Digital Media” MCHJ asoschilaridan biri va u “Bank BTB” AJning asosiy aksiyadori hisoblanadi. Kamila Aliyevaning Istiqlol ko‘chasi, 11-uy manzilidagi kvartirasi ikki kompaniya – “Infonet” MCHJ va “Caspian Telekom” MCHJning yuridik manzili sifatida ro‘yxatga olingan. Bakuning Tbilisi prospektida hashamatli villa mavjud. Bir muddat ilgari u 8 million AQSH dollariga sotuvga qo‘yilgan. 36 sotix maydonda joylashgan bu villa Mehdiyev tomonidan qurilgan ko‘plab mulklardan biri sifatida qayd etiladi. Ramiz Mehdiyevning Go‘ychoy, Shamahi, Go‘ygol va boshqa hududlar hamda mamlakatning ayrim viloyatlarida ko‘plab villalarga egaligi haqida ma’lumotlar mavjud.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Prezident Administratsiyasi Ramiz Mehdiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing