Xususiy telekanal asoschi va jurnalistlari 15 yilgacha qamaldi
Olam
−
28 iyul 2215 2 daqiqa
Ozarbayjonda mustaqil “Toplum TV” internet telekanali ta’sischilari va jurnalistlariga 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Sud qaroriga ko‘ra, 2016 yilda “Toplum TV”ga asos solgan Akif Gurbanov 15 yilga, uning hamkasbi Alasgar Mammadli esa 14 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Shuningdek, telekanalning yana 3 nafar jurnalisti va 4 nafar faoliga ham moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha uzoq muddatli qamoq jazosi tayinlangan.
Qayd etilishicha, ayblanuvchilarning barchasi o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni siyosiy sabablarga asoslangan deb atagan. Ular himoyachilari orqali sud hukmi ustidan shikoyat qilishini bildirgan.
Jurnalist Elmir Abbasovning advokati Elchin Sadigovning aytishicha, sud jarayoni adolatli o‘tmagan.
“Biz apellyatsiya shikoyati beramiz. Sud muhokamasi umuman olganda adolatsiz bo‘ldi. Himoya tomoni kiritgan birorta ham iltimosnoma qanoatlantirilmadi va jarayon bir tomonlama olib borildi”, degan u.
Ma’lumot uchun, “Toplum TV” Ozarbayjondagi kam sonli mustaqil internet nashrlaridan biri bo‘lib, siyosat, korrupsiya, inson huquqlari va ijtimoiy masalalarni yoritib kelgan.
2024 yil mart oyida politsiya telekanal ofisi va Bakudagi boshqa manzillarda tintuv o‘tkazib, bir qator xodimlar va ularning hamkorlarini qo‘lga olgan edi. Dastlab ularga kontrabanda ayblovi qo‘yilgan, keyinchalik noqonuniy tadbirkorlik, pul yuvish, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va hujjatlarni soxtalashtirish kabi ayblovlar ham qo‘shilgan.
Ozarbayjon hukumati jurnalistlarga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishlar siyosiy tusga ega ekani haqidagi ayblovlarni rad etib keladi.
Qayd etish o‘rinliki, “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) tashkiloti 2026 yilgi matbuot erkinligi reytingida Ozarbayjonni 180 davlat orasida 171-o‘ringa joylashtirgan. Bu mamlakatning 2025 yildagi 167-o‘rindan ham pasayganini ko‘rsatadi.
2024 yilda AQSH Davlat departamenti “Toplum TV” ofisidagi reydlar va hibslardan chuqur tashvishda ekanini bildirib, Ozarbayjonni asosiy huquq va erkinliklardan foydalanayotgan shaxslarga nisbatan ta’qiblarni to‘xtatishga chaqirgan.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust