Ozarbayjonda qiyin vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonlik ortga qaytarildi
Jamiyat
−
03 aprel
1810O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi ko‘magida Ozarbayjonda og‘ir ahvolda qolgan fuqaro mamlakatga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston fuqarosi og‘ir dardga chalingani (insult) munosabati bilan elchixonaga tibbiy yordam olish va O‘zbekistonga qaytish uchun amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan. U bilan o‘tkazilgan muloqotda ma’lum bo‘lishicha, u 10 yil davomida o‘g‘li bilan Ozarbayjonda noqonuniy yashab kelgan.
Bemorga tezkorlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shifoxonaga yotqizish choralari ko‘rilgan.
“Biroq tibbiy sug‘urta va zarur hujjatlar yo‘qligi sababli turli muammolar kelib chiqdi. Yakunda bemor va uning o‘g‘li bilan kelishgan holda vatandoshlarimizni O‘zbekistonga qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, Ozarbayjondagi faol o‘zbekistonliklar ko‘magida fuqaro va uning o‘g‘liga Baku-Toshkent yo‘nalishidagi samolyotga chipta sotib olingan. Ular 29 mart kuni O‘zbekistonga kuzatib qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonining Makka shahrida insult kasalligini boshidan o‘tkazgan O‘zbekiston fuqarosi Bosh konsulxona tomonidan Toshkentga olib kelingandi.
LiveBarchasi