Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida qurolli to‘qnashuv yuzaga keldi
Olam
−
13 Sentabr 2022
6958Ozarbayjon Qurolli Kuchlari artilleriya va dronlardan foydalangan holda Armaniston hududini o‘qqa tuta boshladi, degan iddao bilan chiqdi bugun, 13 sentyabr kuni Armaniston Mudofaa vazirligi.
“13 sentyabr kuni soat 00:05 dan boshlab Ozarbayjon Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Goris, Sotk va Jermuk yaqinidagi arman pozitsiyalari yo‘nalishi bo‘yicha artilleriya, yirik kalibrli o‘q otish qurollaridan intensiv o‘qqa tuta boshladi”, deyiladi harbiy departament xabarida.
Qayd etilishicha, Ozarbayjon tomoni dronlardan ham foydalanmoqda.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi, o‘z navbatida, arman harbiylarini keng ko‘lamli provokatsiya uyushtirganini bildirdi. Bakuning qayd etishicha, 12 sentyabrga o‘tar kechasi “Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiya sodir etgan...”.
“Armaniston Qurolli Kuchlarining qo‘poruvchilik guruhlari qorong‘uda tog‘li yerlar va mavjud daralardan foydalangan holda turli yo‘nalishlarda Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari pozitsiyalari va ta’minot yo‘llari orasidagi hududlarni minalash ishlarini amalga oshirdi”, deyiladi xabarda.
Vazirlikning qayd etishicha, Ozarbayjon Qurolli Kuchlari bo‘linmalari tomonidan ushbu harakatlarning oldini olish maqsadida ko‘rilgan tezkor choralar natijasida harbiy to‘qnashuv sodir bo‘lgan.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi