Ozarbayjon va Armaniston chegarasida yana otishma bo‘ldi
Olam
−
18 noyabr 2023
7379Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari pozitsiyalaridan o‘q uzilishi oqibatida chegarada armanistonlik askar yaralanganini ma’lum qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
“18 noyabr kuni soat 09:50 atrofida Paruyr Sevak sektorida joylashgan arman pozitsiyasi yo‘nalishi bo‘yicha Ozarbayjon Qurolli kuchlari tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida harbiy xizmatchi M. jarohat oldi. Hozirda uning hayotiga nisbatan hech qanday xavf yo‘q. Hodisaning barcha holatlariga oydinlik kiritish maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi esa arman tomonining chegaradagi Armaniston qurolli kuchlari pozitsiyalarini o‘qqa tutgani haqidagi xabarini rad etdi.
“Armaniston Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, 18 noyabr kuni soat 09:50 da Ozarbayjon armiyasining bo‘linmalari go‘yoki Develinskiy tumani yo‘nalishida Armaniston Qurolli kuchlarining pozitsiyalariga o‘t ochgan. “Oqibatda harbiy xizmatchi tan jarohati oldi” – bu mutlaqo yolg‘on. Biz qarama-qarshi tomonning provokatsion xabarini qat’iyan rad etamiz”, deydi rasmiy Baku.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligining ta’kidlanishicha, Armaniston Mudofaa vazirligi o‘z armiyasidagi o‘zboshimchalikni yashirish uchun haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatishda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Armaniston va Ozarbayjon tinchlik shartnomasining asosiy tamoyillari bo‘yicha kelishib olganini aytgandi. Ozarbayjon tomoni ham tinchlik shartnomasini tuzish orqali Armaniston bilan munosabatlarni yaxshilash imkoniyatiga ishonishini bildirgandi.
LiveBarchasi