Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzdi – Rossiya
Olam
−
16 aprel 2022 10373 2 daqiqa
Qorabog‘da, Yarimja aholi punkti yaqinida Ozarbayjon tomoni o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzgani aytilmoqda. Bu haqda kecha, 15 aprel kuni Rossiya Mudofaa vazirligining Rossiya tinchlikparvar kuchlari faoliyati haqidagi byulletenida ma’lum qilindi.
“Ozarbayjon tomonidan Yarimja aholi punkti (Mardakert tumani) hududida o‘rnatilgan aloqa chizig‘ining buzilishi qayd etildi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Rossiya tinchlikparvar kuchlari har ikki tomon vakillari bilan muloqotda bo‘lib, hodisani bartaraf etgan.
Ozarbayjon tomoni hodisa yuzasidan hech qanday izoh bermagan.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
Live
Barchasi