Ozarbayjon TIV AQSH Davlat departamentiga javob berdi
Olam
−
01 Sentabr 2023 6218 3 daqiqa
Kecha, 31 avgust kuni AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller Vashingtonning Qorabog‘dagi vaziyat yuzasidan xavotirini bildirib bayonot berdi. Oradan ko‘p o‘tmay, shu kunning o‘zida Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi bunga munosabat bildirdi.
“Biz Tog‘li Qorabog‘da oziq-ovqat, dori-darmon va munosib hayot kechirish uchun zarur bo‘lgan boshqa tovarlarning to‘sib qo‘yilishi davom etayotgani, oqibatda insonparvarlik sharoitining yomonlashishidan chuqur xavotirdamiz. Qo‘shma Shtatlar so‘nggi bir necha hafta davomida Tog‘li Qorabog‘ aholisiga gumanitar yordam yetib borishiga imkon berish uchun tomonlar bilan tinimsiz ishladi. Biz yana bir bor Lochin yo‘lagini gumanitar, tijorat va yo‘lovchi tashish uchun qaytadan ochishga chaqiramiz. Bundan tashqari, Baku rasmiylari va Stepanakert vakillari zudlik bilan yig‘ilib, Tog‘li Qorabog‘dagi erkaklar, ayollar va bolalarga muhim oziq-ovqatlarni tashish vositalari, jumladan, qo‘shimcha ta’minot yo‘llari to‘g‘risida kelishib olishlari va barcha hal qilinmagan masalalarni muhokama qilishni davom ettirishlari kerak. Asosiy gumanitar yordam hech qachon siyosiy kelishmovchiliklar garoviga qo‘yilmasligi kerak”, degan Miller.
Millerning mazkur bayonotidan so‘ng, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oyxon Hojizoda mintaqadagi "blokada" haqidagi da’volarni qabul qilib bo‘lmasligini aytib chiqdi.
“Arman aholisi ayrim vakillarining Ozarbayjon hududida joylashtirilgan Rossiya tinchlikparvar kontingenti orqali Ozarbayjon Qizil Yarim Oy Jamiyatining Xonkendiga o‘tishini kutayotgan yuk mashinalarini to‘sib qo‘yishga urinishlari va yo‘lning to‘sib qo‘yilishi u yerdagi “gumanitar vaziyat keskinligi” haqidagi da’volar asossiz ekanligini isbotlamoqda”, deydi Hojizoda.
Shuningdek, u Ozarbayjonning mintaqadagi vaziyatni normallashtirish yo‘lidagi harakatlari AQSHga ma’lum ekanini urg‘ulagan.
Hojizodaga ko‘ra, Baku Ozarbayjonning Qorabog‘ mintaqasida yashovchi armanlarni reintegratsiya masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga, Qorabog‘ mintaqasiga turli yo‘nalishlarda insonparvarlik yuklarini yetkazish, Ozarbayjon maxsus vakili va mahalliy arman aholisi vakillari o‘rtasida uchrashuvlar tashkil etishga bir necha bor taklif qilgan, biroq Armaniston noqonuniy o‘rnatilgan qo‘g‘irchoq rejimi orqali bu yo‘nalishda uchrashuvlar tashkil etish bo‘yicha kelishuvlardan ortga chekingan.
“Ozarbayjon takliflarining doimiy ravishda rad etilishi vaziyatning umuman gumanitar emas, balki siyosiy xarakterga egaligini yana bir bor ko‘rsatadi”, degan TIV vakili.
Ma’lumot uchun, Lochin yo‘lagi Armanistonni Qorabog‘ bilan bog‘laydigan yagona yo‘ldir. Joriy yilning 11 iyul kuni Ozarbayjon Lochin chegara punkti faoliyatini to‘xtatgan. Bunga Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga qarashli avtomashinalar orqali kontrabandaning takroriy olib o‘tilishiga urinishlar sabab qilib ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 avgust kuni AQSH raisligida BMT Xavfsizlik Kengashining Qorabog‘ masalasidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, biroq yig‘ilish so‘ngida hech qanday rezolyutsiya yoki qo‘shma deklaratsiya qabul qilinmagandi.
Live
Barchasi