Ozarbayjon sudi ikki arman askarini 11,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi
Olam
−
07 iyul 2023 3484 2 daqiqa
Ozarbayjon davlat chegarasini buzganlikda ayblangan ikki arman harbiy xizmatchisi 11 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda bugun, 7 iyul kuni Ozarbayjon axborot agentligi “Report” xabar berdi.
“Og‘ir jinoyatlar bo‘yicha Sumgait sudi Ozarbayjon davlat chegarasini buzishda ayblanayotgan Armaniston fuqarolari — harbiy xizmatchilar Arutyun Ovagimyan va Karen G‘azaryanni 11 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qildi”, deyiladi xabarda.
26 may kuni Ozarbayjon Davlat chegara xizmati Armaniston Qurolli kuchlari qo‘shinlarining diversiya guruhining mamlakat chegarasini buzishga urinishi bostirilganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ikki arman harbiy xizmatchisi qo‘lga olingan, buzg‘unchi guruhning qolgan a’zolari murakkab relefdan foydalanib, qochib ketgan.
27 may kuni Bosh prokuratura va Davlat chegara xizmati hibsga olingan arman harbiylariga nisbatan Ozarbayjon Jinoyat kodeksining olti moddasi, jumladan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan kelishilgan holda o‘qotar qurol va o‘q-dorilarni olib o‘tish, terrorizm, milliy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan harakatlar, Ozarbayjon chegarasini noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev kecha, 5 iyul kuni Bakuda bo‘lib o‘tgan Qo‘shilmaslik harakati muvofiqlashtiruvchi byurosining vazirlar yig‘ilishida so‘zlagan nutqida Armaniston haqiqatan ham uzoq kutilgan tinchlikka erishishdan manfaatdor bo‘lsa, uning Qurolli kuchlari Ozarbayjonning Qorabog‘ mintaqasini butunlay tark etishi, bu hududdagi arman harbiy va harbiylashtirilgan tuzilmalari qurolsizlantirilishi kerakligi haqida gapirgan edi.
Prezidentning qayd etishicha, Armaniston Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi sifatida tan olishga majbur bo‘lgan bo‘lsa-da, Rossiya tinchlikparvar kuchlari vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududida hamon arman qurolli kuchlarining qoldiqlari saqlanib qolgan.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan esa Ilhom Aliyevning bu ayblovlarini rad etdi. Uning aytishicha, Armanistonning Tog‘li Qorabog‘da askarlari yo‘q. Tog‘li Qorabog‘da Tog‘li Qorabog‘ mudofaa armiyasi faoliyat yuritadi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr