Ozarbayjon diasporasi rahbari Rossiya fuqaroligidan mahrum qilindi (video)

Olam

image

Rossiyaning Moskva viloyatidagi Ozarbayjon diasporasi rahbari Elshan Ibragimov Rossiya fuqaroligidan mahrum qilindi. Bu haqda u “Oxu.az” nashriga ma’lum qildi.

RBK nashrining manbasiga ko‘ra, Ibragimov joriy yilning 18 iyun kuni “Rossiya Federatsiyasining milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi harakatlar sodir etgani uchun” fuqarolikdan mahrum etilgan.

Ushbu yangilik ortidan Moskva viloyati Jamoatchilik palatasi saytida Elshan Ibragimov Milliy-madaniy muxtoriyatlar ishlari bo‘yicha maslahat kengashi a’zosi sifatida ko‘rsatilgan ma’lumot o‘chirilgan.

Ma’lumot uchun, Elshan Mustafo o‘g‘li Ibragimov 1967 yilda Ozarbayjonning Udjar tumani Myusyusli qishlog‘ida tug‘ilgan. U 1997 yildan beri Moskva viloyatida yashaydi, 2018 yildan boshlab Moskva viloyatidagi ozarbayjon diasporasiga rahbarlik qiladi. 2018 yilgi saylovlarda Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyovning ishonchli vakili bo‘lgan.

Ozarbayjon diasporasi rasmiy saytida chop etilgan intervyusida Ibragimov hududdagi ozarbayjonliklar duch kelayotgan muammolar sifatida ishsizlik va davlat xizmatlaridan foydalanishdagi qiyinchiliklarni tilga olgan. Unga ko‘ra, 1990 yillar va 2000 yillar bilan solishtirganda ozarbayjonliklarning Rossiyaga migratsiyasi deyarli to‘xtagan.

“Ozarbayjonliklar asosan chakana savdo ob’ektlarida ishlagan, ammo bu ob’ektlar yirik savdo tarmoqlari bilan raqobat qila olmagani bois yopilmoqda. Bozorlar monopoliyalashgan, oqibatda yirik tarmoqlar ishlab chiqaruvchilarga shart qo‘yadigan darajaga yetgan. Bu faqat ozarbayjonliklarga emas, balki mahalliy tadbirkorlarga ham taalluqli. Kichik biznes ko‘z o‘ngimizda yemirilmoqda, bu esa bizning vatandoshlarimiz va butun aholining ijtimoiy ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, degan Ibragimov.

Shuningdek, yaqinda Moskvada ozarbayjonlik “qonundagi o‘g‘ri” Vagif Suleymanov (Vagif Bakinskiy) qo‘lga olingan. “Kommersant” xabariga ko‘ra, uning qo‘lga olinishi Rossiyada qolish qoidalarini buzish bilan bog‘liq bo‘lgan. U Moskva yaqinidagi Saxarovdagi migratsiya markaziga joylashtirilgan va u yerda uch oy saqlangach, Ozarbayjonga deportatsiya qilinadi. 

Qayd etish joiz, Ibragimovni fuqarolikdan mahrum qilish hamda boshqa ozarbayjonliklarning qo‘lga olinishi Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashgan vaqtda sodir bo‘lmoqda. Joriy yilning 27 iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida Ozarbayjonda tug‘ilgan, Rossiya fuqaroligiga egaligi aytilgan o‘nlab shaxslar 2001-2011 yillardagi qotilliklarga aloqadorlik gumoni bilan qo‘lga olindi. Ulardan ikki nafari vafot etdi. Bu hodisadan keyin Baku shahrida o‘nlab Rossiya fuqarolari, jumladan josuslikda gumonlangan “Sputnik Ozarbayjon” jurnalistlari hibsga olingan. Rossiya va Ozarbayjon o‘zaro norozilik notalarini almashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon diasporasi Elshan Ibragimov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing