Ozarbayjon Armaniston bilan yarashishga tayyor – Aliyev
Olam
−
07 mart 2022
6119Ozarbayjon tinchlik tarafdoridir. Biz Armaniston bilan hududiy yaxlitlik, suverenitet va xalqaro miqyosda tan olingan chegaralar daxlsizligi kabi xalqaro huquqning fundamental tamoyillariga asoslangan tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyormiz. Bu haqda Ozarbayjon Arezidenti Ilhom Aliyev bugun, 7 mart kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronga ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ma’lum qilgan.
Armanistonning bu masalada konstruktiv pozitsiyasini namoyon etishi muhimligini ta’kidlagan Ozarbayjon rahbari Fransiyaning mintaqadagi tinchlik kun tartibini qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirgan.
Prezident Aliyev ta’kidladiki, hozirgi vaqtda Ozarbayjon oldida turgan asosiy vazifa ko‘p yillik mustalaka oqibatida butunlay vayron bo‘lgan hududlarni tiklashdir.
Davlat rahbari o‘zining tarixiy va qadimiy zaminlarining Armaniston tomonidan bosib olinishiga chek qo‘yib, Ozarbayjon BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini bajarish orqali o‘zining hududiy yaxlitligini ta’minlaganini ta’kidlagan.
“O‘ttiz yillik agressiyaning yakuni mintaqada yangi geosiyosiy voqelikka muvofiq hamkorlik qilish imkoniyatlarini yaratdi. Bu borada transport-kommunikatsiya liniyalarining ochilishi mintaqamiz uchun katta iqtisodiy istiqbollarni va’da qilmoqda”, deydi Ozarbayjon Prezidenti.
Shuningdek, Armaniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Vaan Unanyanning “Armanpress”ga ma’lum qilishicha, Yerevan Baku bilan tinchlik shartnomasini imzolashni ustuvor masala deb bilmoqda.
“Armaniston hukumati Armaniston uchun tinch rivojlanish davrini ochish strategiyasini qabul qildi va bu yo‘nalishda qadam tashlashga tayyorligi tabiiy. Aniq tinchlik shartnomasini imzolashga kelsak, bu hukumat kun tartibidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanligi oliy darajada bir necha bor ta’kidlangan”, degan Unanyan.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
LiveBarchasi