Ozarbayjon-Armaniston chegarasida YeI kuzatuvchilari o‘qqa tutildi
Olam
−
15 avgust 2023
4134Bugun, 15 avgust kuni Yerevan Ozarbayjon harbiylarini mintaqada patrullik qilayotgan Yevropa Ittifoqi kuzatuvchilari va ularning mashinasiga qarata o‘q uzganlikda aybladi. Bu haqda Armaniston Mudofaa vazirligi bayonot berdi.
"15 avgust, taxminan 12:20 Ozarbayjon Qurolli kuchlari bo‘linmalari Yuqori-Sho‘rja qishlog‘ida patrullik qilayotgan Yevropa Ittifoqi kuzatuvchilari va ularning mashinasiga qarata o‘q uzdi. Qurbonlar yo‘q", deyiladi xabarda.
Biroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armanistonning bu da’volarini dezinformatsiya deb atadi.
“Armaniston axborot resurslarida 15 avgust kuni soat 12:20 atrofida Basarkechar viloyati, Yuqori Sho‘rja aholi punkti hududida Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari go‘yoki Yevropa Ittifoqi kuzatuvchilari va ularning mashinasiga qarata o‘t ochgani haqidagi xabar tarqaldi. Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va dushmanning navbatdagi dezinformatsiyasidir”, deyiladi rasmiy Baku bayonotida.
Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ozarbayjon tomoniga Yevropa Ittifoqi kuzatuvchilari ikki davlatning shartli chegarasigacha bo‘lgan vaqtlari, ularning harakatlanish yo‘nalishi, hududdagi koordinatalari, shuningdek, mashinalarining raqamlari, markasi va litsenziyasi haqida oldindan ma’lumotlar taqdim etilgan.
"Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari missiya safarlari haqida xabardor qilinadi. Shuning uchun Armaniston Mudofaa vazirligi da’vo qilayotgan bunday hodisa nazariy va amaliy nuqtai nazardan imkonsiz", deyiladi xabarda.
O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqining fuqarolik missiyasi Ozarbayjon bilan chegaradagi Yuqori-Sho‘rja qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan qurolli hodisa faktini tasdiqlab, tegishli bayonotni X (Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.
“Bizning mas’uliyat zonamizda otishma paytida Yevropa Ittifoqi missiyasi patruli bo‘lganligini tasdiqlaymiz. Missiya a’zolaridan hech kim jabrlanmadi", deyiladi matnda.
Biroq Yevropa Ittifoqining fuqarolik missiyasi qaysi tomondan o‘t ochilganini ko‘rsatmagan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning yanvar oyi oxirida YeI mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari Armanistonda ikki yillik fuqarolik missiyasi tashkil etilishini ma’qullagan. Uning vazifalari – mamlakatning chegaradosh hududlariga ishonchni oshirish va Armaniston-Ozarbayjon munosabatlarini normallashtirish uchun sharoit yaratish. Missiya 100 ga yaqin kishidan, jumladan 50 ga yaqin qurolsiz kuzatuvchilardan iborat.
LiveBarchasi