Ozarbayjon harbiylarini Furuxdan olib chiqdi – RF Mudofaa vazirligi

Olam

image

Ozarbayjon Qorabog‘dagi qishloqdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketdi. Bu haqda RIA Novosti Mudofaa vazirligining Rossiya tinchlikparvar kuchlari faoliyatiga bag‘ishlangan byulleteniga tayanib, xabar bergan.

“Muzokaralar natijalariga ko‘ra, Ozarbayjon tomoni Furux (Farrux) aholi punkti hududidan o‘z bo‘linmalarini olib chiqdi”, deyiladi harbiy idora xabarida.

Tinchlikparvar kuchlari uchta Ozarbayjon kolonnasini Lochin yo‘lagi orqali kuzatib borishdi: ikkitasi shimol yo‘nalishida va bittasi janubda, deya qo‘shimcha qilgan Mudofaa vazirligi.

Bundan tashqari, tinchlikparvar kuchlar Ozarbayjon tomonidan Askeron viloyatida ikki marta o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini qayd etgan. Har ikki tomondan ikki kishi yaralangan.

“Rossiya tinchlikparvar kontingenti qo‘mondonligi mojaro ishtirokchilari vakillari bilan hamkorlikda vaziyatni barqarorlashtirdi”, deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida.

Avvalroq, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasida harbiy holat joriy qilingani haqida xabar bergandik. Shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligi Ozarbayjon harbiylari tinchlikparvar kuchlari javobgarligidagi hududlarga kirganini e’lon qilgandi.

O‘z navbatida Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Tog‘li Qorabog‘da Rossiya tinchlikparvar kontingenti joylashtirilgan hududda qurolli hodisa ro‘y bergani haqidagi xabarlarni rad etdi. 

Mudofaa vazirligiga ko‘ra, kecha, 26 mart kuni ertalab noqonuniy arman qurolli kuchlari a’zolari Ozarbayjon armiyasiga hujum qilishga uringan. Zudlik bilan amalga oshirilgan harakat noqonuniy arman harbiylarini a’zolarini tark etishga majbur qilgan.

Qorabog‘ urushi 

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

55

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing