Ozarbayjon Rossiya gazidan voz kechayotgan Yevropaga yordam berishga qaror qildi
Olam
−
14 mart 2022
9561Ozarbayjon Turkiya orqali Yevropaga gaz yetkazib berishni ko‘paytiradi. Bu haqda Ozarbayjon Energetika vaziri Parviz Shahbozov ma’lum qilgan.
“Yevropaga tabiiy gaz yetkazib berish ko‘payadi. Janubiy gaz yo‘lagi hali foydalanilmagan imkoniyatlarga ega. Turkiya bilan birgalikda Yevropaga katta hajmdagi gaz yetkazib berishimiz mumkin. Bu borada Yevropa Ittifoqi va qardosh Turkiya bilan aloqadamiz”, deydi Shahbozov.
Energetika vazirining so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjonning 2,6 trillion kub metr tasdiqlangan gaz zaxirasi bor, shu sabab 100 yil davomida ichki iste’mol hamda Yevropaga yetkazib bera oladi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil 31 dekabrda Ozarbayjon Trans-Adriatik gaz quvuri orqali Yevropaga tijoriy maqsadda gaz yetkazib berishni boshlagan. Yevropa bozoriga 25 yilga hisoblangan yetkazib berishlar yiliga 10 milliard kub metrdan ortiq eksportni nazarda tutadi. Shundan 8 milliard kub metrni Italiya, 1 milliard kubometrdan Gretsiya hamda Bolgariya oladi.
Aytish joizki, joriy yilning fevral oyi boshida AQSH Rossiya Ukraina bilan bo‘ladigan urush natijasida gaz eksportini to‘xtatsa, Yevropaga gazni Qatardan import qilishda vositachilik qilishini bildirgandi.
Rossiya-Ukraina urushi fonida Yevropada gaz narxi kundan-kunga oshib borayotgandi. Joriy yilning 7 martiga kelib, 1000 kub metr uchun 3000 dollardan oshib, tarixiy rekordni yangiladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropada savdolar vaqtida gaz narxi 1 000 kub metr uchun 1 300 dollargacha tushgan.
LiveBarchasi