Ozar-arman chegarasida yana to‘qnashuvlar bo‘lmoqda. Hozir vaziyat qanday?

Olam

image

Ozarbayjon harbiylari kecha, 17 noyabr kuni tunda ozar-arman chegarasining shimoliy qismiga qarata o‘t ochgan. Bu haqda Armaniston Mudofaa vazirligiga tayanib xabar berilgan. 

“O‘t ochish javob harakatlari bilan to‘xtatildi. 18 noyabr kuni soat 10:00 (Toshkent vaqti bilan 11:00) holatiga ko‘ra, Armaniston-Ozarbayjon chegarasida vaziyat nisbatan barqaror”, deyiladi vazirlik xabarida. 

O‘z navbatida Baku Yerevanni o‘z pozitsiyalarini o‘qqa tutishda ayblagan. 

“17 noyabr kuni soat 17:54 dan 22:52 gacha (Toshkent vaqti bilan 18:54 dan 23:52 gacha) Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Shemsheddin viloyatining Chinarli va Muganjig qishloqlari yo‘nalishidagi pozitsiyalardan vaqti-vaqti bilan o‘q uzdi. Dushman javob o‘qlari bilan bostirildi”, deyiladi Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabarida. 

Joriy yilning 15 noyabr kuni chegarada yangi to‘qnashuvlar sodir bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon qo‘shinlari Kilisali tog‘i yaqinidagi chegarada mamlakatga bostirib kirganini aytdi. Baku buni rad etib, Yerevanni Kalbajar viloyatidagi pozitsiyalarini o‘qqa tutishda aybladi. 

To‘qnashuvlar ertasi kuni ham davom etdi. Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan Rossiyani 1997 yilgi shartnomaga muvofiq mamlakat hududiy yaxlitligini himoya qilishga yordam berishga chaqirdi. Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va uning Baku va Yerevandagi hamkasblari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatdan so‘ng janglar to‘xtadi. Ikki Respublika o‘rtasidagi munosabatlar, birinchi navbatda, Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi vaziyat tufayli tarangligicha qolmoqda.

Ma’lumot uchun, 2020 yilning 11 noyabriga o‘tar kechasi Rossiya vositachiligida Ozarbayjon va Armaniston yetakchilari o‘q uzishni to‘xtatish bo‘yicha uch tomonlama bayonot imzolagan bo‘lsalar-da, hali-hanuz ikki o‘rtadagi chegara notinch, vaqti-vaqti bilan chegarada o‘q otilib turadi.  


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Armaniston

Baholaganlar

147

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing