Ozar-arman chegarasida otishma bo‘ldimi? Baku Yerevanning iddaosiga javob qaytardi
Olam
−
26 may 2021
6121Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon harbiylari Armaniston armiyasining Gegarkunik viloyati chegaraoldi qismida joylashgan pozitsiyalariga qarata o‘q uzgani haqida xabar tarqatmoqda.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, hodisa kecha, 25 may kuni soat 14:20 atrofida qayd qilingan. Bayonotda qo‘shimcha qilinishicha, otishma natijasida arman harbiysi halok bo‘lgan.
O‘z navbatida Ozarbayjon Mudofaa vazirligi ushbu holat bo‘yicha bayonot bergan. Unga ko‘ra, Armaniston Mudofaa vazirligi arman pozitsiyalarining o‘qqa tutilishi haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgan.
“25 may kuni tushdan keyin Armaniston Qurolli kuchlari shaxsiy tarkibi bilan yettita yuk mashinasi chegaraning belgilangan qismiga yaqinlashishga urindi. Bo‘linmalarimiz tomonidan olib borilgan profilaktika choralari natijasida dushman harakati bostirildi. Biz bo‘linmalarimiz dushmanga qarshi o‘q uzmaganini e’lon qilamiz”, deyilgan Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabarida.
Vazirlikning ta’kidlashicha, arman askarining o‘limi bilan bog‘liq voqea baxtsiz hodisa natijasida sodir bo‘lgan.
“Ozarbayjon tomonining bu voqeaga aloqasi yo‘q”, deyilgan xabarda.
Avvalroq, Armaniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan ozar-arman chegarasida keskinlikning kuchayishi tendensiyasi kuzatilayotganini, chegaraning ayrim uchastkalarida Ozarbayjon Qurolli kuchlari o‘zini tajovuzkor tutayotganini iddao qilib chiqqandi.
Eslatib o‘tamiz, Pashinyan Ozarbayjon askarlari mamlakatni tark etishi uchun Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan harbiy yordam so‘ragandi. Shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron o‘zining Facebook’dagi sahifasida Ozarbayjon qo‘shinlarini Armaniston hududidan olib chiqish zarurligini ta’kidlagandi.
O‘z navbatida rasmiy Baku Tashqi ishlar vazirligi Yerevanning Ozarbayjon-Armaniston chegarasini muvofiqlashtirish jarayonlariga munosabatini nomunosib deb baholadi va Armaniston rasmiylarini saylov arafasida vaziyatdan ichki siyosiy maqsadlarida foydalanmaslikka chaqirdi.
LiveBarchasi