Oz qolgan Yangi yil: bayram tarixi va an’analari haqida nimalar ma’lum?
Bu qiziq
−
29 dekabr 2021
18604Yangi yil kirib kelishiga sanoqli kunlar qoldi. Yangi yil ko‘pchilik kattalar va bolalarning eng sevimli bayramlaridan biridir.
Bayramga tayyorgarlik oldindan boshlanadi va dekabr oyining oxiriga kelib, shaharlar ko‘chalari chiroqlar bilan porlaydi. Hamma joyda bayramona muhit hukm suradi: uylarda, do‘konlarda, restoranlarda. Yoqimli Yangi yil “shovqini” barchani istisnosiz qamrab oladi.
Odamlar do‘stlari va oilasi uchun sovg‘a izlashga tushadi, bayram kuni uchun eng chiroyli liboslarni tanlaydi va bayram dasturxoni taomnomasi haqida bosh qotiradi.
Bayramning paydo bo‘lish tarixi
Yangi yilni nishonlash tarixining ildizlari Mesopotamiyaga (hozirgi Iroq hududi) borib taqaladi, u yerda bahor uyg‘onishini nishonlash an’anasi mart oyida paydo bo‘lgan. Xursandchilik bir haftadan ortiq davom etgan. Bu kunlarda hech kim ishlamagan, odamlar bayramlarga, maskaradlarga borgan. Keyinchalik, Yangi yilni nishonlash odati yunonlar, keyin esa misrliklar va rimliklar tomonidan qabul qilingan.
O‘zbekistonga Yangi yilni 31 dekabrda nishonlash odatini ruslar olib kirgan. Rossiyada Yangi yil har doim ham 31 dekabrdan 1 yanvarga o‘tar kechasi nishonlanmagan. Yangi xronologiyaning paydo bo‘lishi bilan bayram uchun 1 mart sanasi belgilangan, keyinchalik u 1 sentyabrga ko‘chirilgan. 1699 yilda shoh Pyotr I Yangi yilni 1 yanvarda nishonlash to‘g‘risida farmon chiqargan. Bu Grigorian taqvimi bo‘yicha yashagan barcha Yevropa mamlakatlari misolida amalga oshirilgan.
Yangi yil an’analari
Har bir mamlakatning o‘ziga xos Yangi yil an’analari bor, ammo butun dunyo bo‘ylab odamlar amal qiladigan bir nechta urf-odatlar mavjud.
Butun oila bilan bir davrada bo‘lish. Aksariyat odamlar bayramni issiq, qulay, uy sharoitida nishonlashga intiladi. Oila va do‘stlar davrasida tilaklar bildirish, bayram dasturxonida o‘tirish — bular dunyoning barcha mamlakatlarida qadrlanadi!
Uyni bezatish. Qadim zamonlardan beri uyda bayramona muhit yaratish odat tusiga kirgan. O‘sha paytlarda uylar olma, yong‘oq, kartoshka va hatto tuxum bilan bezatilgan. Ko‘p o‘tmay, pufaklar, gulchambarlar va boshqa tanish dekorativ elementlar paydo bo‘lgan. Bugungi kunda Yangi yil bezaklarini tanlash shunchalik ajoyibki, uyni o‘ziga xos qiladigan narsani tanlash qiyin bo‘lmaydi.
Sovg‘alar berish. Hech bir Yangi yil sovg‘alarsiz o‘tmaydi. Sovg‘a berish an’anasi, albatta, eng yoqimli odatlardan biridir!
Yangi yil belgilari
Quyida turli mamlakatlarning eng noodatiy Yangi yil belgilari bilan tanishasiz:
Kipr oroli aholisi qorong‘ulik yangi yilda omad olib kelishiga ishonishgani uchun yarim tunda uylarida bir muddat chiroqni o‘chirishadi.
Bayram arafasida ko‘plab italiyaliklar eski narsalarni derazadan uloqtirishadi va o‘sha paytda ular qizil kiyimda bo‘lishadi.
Xitoyliklar bayram bilan birga uyga keladigan farovonlik va omadni tasodifan “kesib qo‘ymaslik” uchun Yangi yil arafasida qaychi, pichoq va boshqa o‘tkir narsalardan foydalanmaydi.
Fransuzlar g‘ildirakni baxtli yangi yil ramzi deb bilishadi, shuning uchun ular ko‘pincha do‘stlari va oila a’zolariga sovg‘a sifatida g‘ildirak taqdim etadi.
Yangi yil archasi
Yangi yil uchun archa bezatish ko‘plab mamlakatlarda odatiy holdir. Bayram ramzi sifatida nafaqat archa, balki har qanday ignabargli daraxt ham xizmat qilishi mumkin. Ushbu an’ananing tarixi uzoq vaqt oldin boshlangan. Deyarli barcha xalqlar doimo yashil o‘simliklarni hurmat qilgan. Avvaliga ular o‘rmonlarda yoki uylar yonida, ularni kesib tashlamasdan bezatishgan. Keyinchalik o‘z uylariga daraxtlar qo‘yishni boshlashgan, bu an’ana bugungi kungacha saqlanib qolgan, ammo sun’iy o‘simliklar tirik o‘simliklar o‘rnini egallamoqda. Archani chiroqlar, gulchambarlar, qarag‘ay konuslari, shirinliklar bilan bezatish odatiy holdir.
Yangi yil stoli
An’anaga ko‘ra, Yangi yil dasturxoni boy bo‘lishi kerak, ammo qanday taomlar tayyorlashni har kim o‘zi hal qiladi.
Angliyada Rojdestvo pudingi
Angliyadagi deyarli har bir uyda un, limon qobig‘i, olma, mayiz, yong‘oq va ziravorlardan desert tayyorlanadi. U bayramdan bir oy oldin tayyorlana boshlaydi! Shirinlikni, ayniqsa, oilaning yosh a’zolari sevib iste’mol qiladi.
AQSHda to‘ldirilgan kurka
Amerika Qo‘shma Shtatlarida turli bayramlar uchun kurka pishirishni yaxshi ko‘rishadi va Yangi yil ham bundan mustasno emas. Parranda go‘shtini to‘ldirish mutlaqo har qanday bo‘lishi mumkin, har bir oila uni o‘z retsepti bo‘yicha tayyorlaydi.
Avstriya va Vengriyada shtrudel
Yangi yil dasturxonida an’anaviy desert o‘zining faxrli o‘rnini egallaydi. Odatda uni dasturxonga muzqaymoq bilan tortishadi.
Yaponiyada “Moti” shirinliklari
Guruch xamiridan tayyorlangan “nozik” shirinliklar nafaqat Yangi yil bayramida dasturxonga qo‘yiladi, balki mehmonga kelgan do‘stlar, qo‘ni-qo‘shnilar va qarindoshlarga ham tarqatiladi.
O‘zbekistonda “olive” va mandarin
Yangi yil dasturxoni O‘zbekistonda ham to‘kin, mazali va kaloriyali taomlarga boy bo‘ladi. An’anaviy, har Yangi yilda dasturxonga qo‘yiladigan yeguliklar esa “olive” salati va yoqimli iforga ega mandarinlardir.
LiveBarchasi