Otning fe’li egasiga ma’lum yoxud Musayev nega buncha uyatda qoldi?
Intervyu
−
06 aprel 2022
39251O‘zbekistonda korrupsiyaga moyil sohalarning uchtasidan biri – Sog‘liqni saqlash tizimi bo‘lib qolmoqda. Buni hatto Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev ham tan oladi. U kecha, 5 aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining majlisida ishtirok etib, bundan uyalishini va o‘ziga achinishini aytdi.
“Eng achinarlisi haqiqatan korrupsiyaga moyil sohalarning uchtasidan biri bu – Sog‘liqni saqlash tizimi bo‘lib qolmoqda. Bu biz uchun juda ham uyatli va achinarli hol. Bu yil davlat byudjetidan 24 trln so‘m mablag‘ aynan SSVga ajratilgan, bu esa davlat byudjetining 12 foizni tashkil qiladi. Sohada 500 mingdan ortiq xodim ishlaydi. Biz korrupsion holatlarni to‘liq bartaraf etishga harakat qilyapmiz”, deydi Musayev.
Vazir so‘zi davomida sohaning korrupsiyaga moyillik tomonlarini tizimli o‘rganishda 7 ta asosiy holatlarni aytib o‘tdi.
Musayevga ko‘ra, muammoli yo‘nalishlardan biri dori-darmon va turli zarur jihozlarni xarid qilish, ya’ni Davlat xaridlarida shaffoflikni taminlash.
Yodingizda bo‘lsa joriy yilning 18 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida tibbiyotdagi order tizimi tanish-bilishchilik bo‘lib ketgani, haqiqiy ehtiyoji borlar qolib, boshqalar orderga ega chiqqanini tanqid qilgan edi. Behzod Musayev ham aynan shu masala juda muhim ekani, bu borada har bir viloyatda elektron tizim orqali yo‘llanma berish bo‘yicha ish olib borilayotganini ma’lum qildi.
“Kasallarga yo‘llanma berish masalasi ham juda muhim. Bu haqda shaxsan Prezidentni o‘zi ham order tizimi korrupsiyaga aylanganini aytib o‘tdi. Yo‘llanmalarni elektron shaklida berish tizimi ishga tushirildi. Lekin, buni har bir birlamchi tizim joriy qilishga ulgurgani yo‘q. Ishchi guruh har bir viloyatda yo‘llanmani elektron tizim orqali berilishi ustida ish olib bormoqda. Sog‘liqni saqlash tizimida 2000 mingdan ortiq poliklinikalar bor va ularning har birini qamrab olishimiz kerak”, deydi Musayev.
Vazir korrupsion omillarning uchinchisiga to‘xtalarkan, tibbiyot muassasalaridagi “o‘lik jon”lar ortidan byudjet mablag‘lari o‘marilganini ham urg‘uladi.
“Korrupsiogen holatlardan [yana biri] ishga qabul qilish jarayonida “o‘lik jon”larni saqlash evaziga byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish, ishga qabul jarayonida tamagirlik qilish. Hammani oldida gapirishga uyalaman, hattoki oddiy hamshiradan ham mablag‘ so‘rash kabi holatlarga ham duch keldik. Hozir sog‘liqni saqlash tizimida yagona kadrlar axborot tizimini joriy qildik. Bu bilan biz ochiq-oydin qaysi hududda bo‘sh vakansiya borligi haqida ma’lumotga ega bo‘la olamiz. Ikki oy ichida to‘liq bu tizimni ishga tushirsak, ishga qabul jarayonlari ham shaffoflashadi”, deydi Behzod Musayev
Sog‘liqni saqlash vaziri keyingi muammoga to‘xtalarkan sohada o‘quv muassasalaridagi tamagirlik xalq tili bilan aytganda, “suyunchi puli” deb nom olgan holat bolalagani, bemorlarni shifoxonaga yotqizish masalasi bilan bog‘liq bo‘lgan tamagrlik holatlari ham yo‘q emasligini tan oldi.
“Shu bilan birga turli hududlarda laboratoriya xizmatlarini turli xususiy korxonalarga hech qanday shartnomasiz, tarifni bilmasdan berish holatlari ham kuzatilmoqda. Toshkent shahri va Toshkent viloyatida bu narsaga nuqta qo‘ydik. Endilikda hududlar bo‘yicha shu yo‘nalishda ham ishlar amalga oshirilyapti”, deydi vazir.
Musayevga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimiga tegishli bo‘lgan yer maydonlari va ko‘chmas mulklar aynan SSV xodimlari tomonidan asossiz ravishda begonalashtirilib, buyruqlarga imzo qo‘yib yuborilgan.
“Sog‘liqni saqlash tizimiga tegishli bo‘lgan juda katta hududlarda yer uchastkalari va ko‘chmas mulklar mavjud. Ularning ichida hozircha ishlatilmayotgan, bo‘sh turgan lekin, joylashuv nuqtai nazaridan shahar, tuman markazlarida ko‘rkam nuqtada joylashgan yer uchastkalarimiz bor. Ularni begonalashtirish bo‘yicha o‘zimizni xodimlar hech qanday asossiz buyruqlarga qo‘l qo‘yib yuborishgan. Bu haqda huquqni muhofaza qilish organlariga ma’lumot berganmiz”, deydi boshini egib uyalayotgan vazir.
Aslida baliq boshidan... Ijtimoiy sohalar – ta’lim va sog‘liqni saqlashda o‘qituvchi va shifokorlar, hamshiralarni korrupsiya yo‘liga yetaklaydigan qog‘ozbozliklar, hujjatbozliklar talaygina. Ishga kirgan, o‘ziga to‘g‘ri xodim ana shunday otangga bor, onangga borlar bilan qanday qilib qo‘li egri bo‘lib qolganini bilmay qolsa ham kerak. Vazirning ham uyati shundan bo‘lsa, ne ajab. Axir otning fe’li egasiga ma’lum, deb bejiz aytishmaydi-ku.
“Hammaga yaxshi ma’lum hamshira ham, shifokor ham malaka sertifikatiga ega bo‘lsa, birinchi toifa uchun unga qo‘shimcha ustama beriladi. Bu yo‘nalishda ham qilinadigan ishlar bor. Malaka sertifikatini berishda shaffoflikni ta’minlashimiz juda muhim. Qo‘pol bo‘lsa ham aytish kerak, bu sertifikatni berish uchun “stavka”lar ham mavjud ekan. Hozir tizimda bunga qarshi qattiq kurashmoqdamiz”, deydi Sog‘liqni saqlash vaziri.
LiveBarchasi