OTMlar ta’tildan keyin onlayn ta’limga o‘tadimi?

Jamiyat

image

Oliy ta’lim muassasalarida uzaytirilgan qishki ta’tildan so‘ng o‘qish onlayn ta’limga o‘tkazilmaydi. Joriy yilning 11 yanvaridan boshlanishi kerak bo‘lgan sessiyalar ham ta’tildan keyin, an’anaviy ravishda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun, 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov ma’lum qildi.

“Onlayn tizimga o‘tish bo‘yicha maxsus komissiya bor. Komissiyaning qarori qanday bo‘lsa, barcha ta’lim tashkilotlari shu qaror bo‘yicha ish yuritadi. Bugungi kunda onlayn tizimga o‘tish nazarda tutilmagan”, deydi mas’ul.

Ta’kidlanishicha, ertaga, 11 yanvardan boshlanishi kerak bo‘lgan o‘qish jarayoni 24 yanvarga ko‘chirilgan.

“Ikki haftadan keyin qaysi rejaga o‘tilishi aniq bo‘ladi”, dedi Xoliqov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi barcha ta’lim muassasalarida qishki ta’til muddati joriy yilning 24 yanvariga qadar uzaytirilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda joriy yilning 7 yanvarida koronavirusning “omicron” shtammiga chalingan ilk bemor aniqlangan. Shuningdek, mamlakatda koronavirusga chalinish bo‘yicha kunlik holatlar soni yana ortgan. Xususan, kecha, 9 yanvar kuni 389 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilib, jami kasallanganlar soni 200730 nafarga yetdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

2021

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing