Haqoratli so‘z ishlatish, yomon munosabatda bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q – Diniy qo‘mita
Jamiyat
−
12 mart 2019
12227Bir necha kundirki, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim diniy masalalar muhokamasi yana avjiga chiqqan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Nargiza Rahimovaning ijtimoiy tarmoqlarda diniy mavzudagi yozishmalari keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, kecha, 11 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiy munosabat bilan chiqdi. Unda shunday deyiladi:
“Internet, ijtimoiy tarmoqlar biz yashayotgan asrni olamshumul va tasavvurga sig‘maydigan qiyofada namoyon etmoqda. Bugunga kelib bir insonning qarashlari jamiyatning boshqa a’zolariga va hattoki, butun jamiyatga ta’sir etmay qolmayapti.
Avvalo shuni qayd etish lozimki, O‘zbekiston fuqarosi (u kim bo‘lishidan qat’i nazar) Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdir.
Diniy ta’limot o‘ta nozik va xassos bo‘lgani tufayli muayyan din nomidan va uning mohiyati haqida faqatgina mutaxassislar munosabat bildirishlari maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Yurtimiz hududida diniy manbalar, qadriyatlar, muqaddas tuyg‘ular hurmat qilinishi shart. Ularga nisbatan haqoratli so‘z ishlatish, yomon munosabatda bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q.
O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunda fuqarolarning diniy e’tiqodi bilan bog‘liq his-tuyg‘ularini haqoratlash, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish qonunda belgilangan javobgarlikni keltirib chiqarishi keltirib o‘tilgan”.
Mazkur rasmiy munosabatda aniq bir voqelik haqida so‘z bormagan. Unda Nargiza Rahimova nomi ham tilga olinmagan. Shunday bo‘lsa-da, diniy qo‘mitaning munosabati o‘tgan haftaning oxirida odamlar orasida keng muhokamalarni keltirib chiqargan mavzuga qaratilganini payqash qiyin emas.
LiveBarchasi