Otabek Mahkamov Shavkat Mirziyoyevga o‘z kitobini sovg‘a qildi
Madaniyat-san’at
−
20 Sentabr 2023
16992Taniqli yurist va bloger Otabek Mahkamov o‘zining “Yuksalish sari, tasodif bo‘lmagan 100 ta uchrashuv” nomli kitobini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga sovg‘a qildi. Bu haqda blogerning o‘zi Instagram sahifasi orqali xabar berdi.
Gap shundaki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ishtirok etish uchun AQSHning Nyu-York shahriga borgan Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 18 sentyabr kuni Qo‘shma Shtatlarda yashayotgan va ishlayotgan bir guruh o‘zbekistonliklar hamda ushbu mamlakatning yetakchi oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan uchrashgan edi. Ushbu uchrashuvda ishtirok etgan Otabek Mahkamov Prezidentga o‘z qalamiga mansub kitobni sovg‘a qilgan.
Davlat rahbari Mahkamovdan ushbu sovg‘ani qabul qilib olganini Prezident Matbuot xizmati ham tasdiqlagan. Matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan suratda Shavkat Mirziyoyevni qo‘lida kitob tutgan holda ko‘rish mumkin.
Ko‘plab filmlarda rol ijro etgan Otabek Mahkamov ko‘p yillardan buyon AQSHda istiqomat qilib kelmoqda va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali AQSHdagi o‘zbeklar hayotini ko‘rsatish bilan band.
U prezidentga kitob sovg‘a qilganini fransuz yozuvchisi Aleksandr Dyumaning so‘zlari bilan izohladi.
“Dunyoqarashi keng va o‘zining ustida tinmay ishlaydigan insonga eng yaxshi sovg‘a – bu kitob. Lekin kitobdan ko‘ra yaxshiroq bo‘lgan sovg‘a – bu boshqa kitob. Shuning uchun ham men ushbu uchrashuv jarayonida Shavkat Miromonovichga muallifi o‘zim bo‘lgan “Yuksalish sari, tasodif bo‘lmagan 100 ta uchrashuv” deb nomlangan kitobimni sovg‘a qildim”, deb yozdi bloger o‘zining Instagram sahifasida.
19 sentyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotida 140 ta davlatning prezidentlari va hukumat rahbarlari qarshisida nutq so‘zladi. Otabek Mahkamov xam ushbu uchrashuvda qatnashdi.
Ma’lumot uchun, Mahkamov o‘zining YouTube sahifasi uchun bir guruh mashhur shaxslardan intervyu olgan. Ular orasida taniqli aktyorlar Keri-Xiroyuki Tagava, Frederik Difental, Armand Assante, Mitxun Chakraborti, bastakor Ennio Morrikone bor. Keyinchalik muallif ushbu uchrashuvlarni bir kitobga jamladi. Kitob Janubiy Koreyada auksionga qo‘yildi va 7 ming AQSH dollariga sotildi. Ushbu pullar esa O‘zbekistondagi bolalarni davolash uchun yo‘naltirildi.
LiveBarchasi