Ota qotili bo‘lgan qizga sud hukmi o‘qildi
Jamiyat
−
29 aprel 2019
7954O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24-moddasiga ko‘ra, yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi, inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyat ekanligi qayd qilingan.
Shunga qaramay, odamlar orasida bir-birining joniga qasd qilish holatlari tez-tez uchrab turadi.
1996 yilda tug‘ilgan M.M. ismi qiz ham otasi S.M. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro janjal natijasida uning hayotiga zomin bo‘ldi. M.M. otasiga oshxona pichog‘i bilan zarba berib, hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan. Natijasida S.M. ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay tuman tibbiyot birlashmasida vafot etgan.
M.M.ga nisbatan ochilgan jinoiy ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangibozor tuman sudida ko‘rib chiqildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat Matbuot xizmati xabar berdi.
Sud raisi Sh.Xo‘janiyozov raisligida o‘tkazilgan sud muhokamasida, sudlanuvchi M.M.ning ayolligi, yoshligi, turmushga chiqmaganligi, marhum otasining o‘z qiziga nisbatan bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlari va shu bilan bog‘liq oilasidagi nosog‘lom ma’naviy muxitning ta’siri inobatga olinib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK 104-moddasi 3-qismining “d” bandi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan JKning 57-moddasi qo‘llanilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.