O‘zbekistonda uydan tashqariga chiqish cheklandi
Jamiyat
−
27 mart 2020
36353Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan bugun, 27 mart kuni soat 10:00 dan e’tiboran viloyatlararo transport vositalari (avtobus, avtomobil, shaharlararo taksi, avia, temir yo‘l transporti)ning harakati (yuk tashish hollari bundan mustasno) butunlay to‘xtatildi. Bunda muayyan hududga taaluqli avtotransportlarning (tranzit) o‘z hududlariga kirib borishiga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, viloyatlar tarkibidagi shahar va tumanlararo transport qatnovi harakati ham vaqtincha cheklanadi.
Mamlakat fuqarolarining sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida zarur bo‘lmagan hollarda (xizmat faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organlari va muassasalari hamda jamoat tashkiloti xodimlaridan tashqari), uyidan tashqariga chiqishi cheklanadi. O‘ta zarur hollardagina ko‘chaga chiqqanda (dorixona, oziq-ovqat do‘konlari va kundalik zarur maishiy hamda xo‘jalik vositalar) – shaxsiy himoya vositasi (niqob)da bo‘lishi shart. Bordiyu fuqarolar uyidan tashqariga shaxsiy himoya vositasi (niqob)siz chiqsa, qonunda belgilangan tartibda jarimaga tortiladi. Ya’ni, bazaviy hisoblash miqdorining besh barobari miqdorida – 1 million 115 ming so‘m jarima qo‘llaniladi.
Shuningdek, epidemiologik holatni inobatga olgan holda, fuqarolar o‘zaro muloqot chog‘ida ikki metr masafo saqlashi shart. Ko‘chada va jamoat joylarida 3 kishidan ortiq odamlarning to‘planishiga cheklov o‘rnatiladi. Bu ta’qiq bir vaqtda harakatlanayotgan oilaga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Respublika hududidagi barcha ko‘ngilochar ob’ektlar, shu jumladan restoran, kafe, oshxona, choyxona, singari tadbirkorlik sub’ektlari (uyga yetkazib berish xizmati bundan mustasno) mamlakatdagi epidemiologik holat barqarorlashmaguniga qadar faoliyatini to‘xtatmay, davom ettirayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan keskin jazo choralari ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda bemorlar 83 nafarni tashkil etmoqda. Koronavirusga chalingan bir bemor miokard infarktidan vafot etdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi