Osiyo Kubogi-2031: FIFA bosimi ostida turnir bekor qilindi

Sport

image

Osiyo futboli katta o‘zgarishlar ostonasida turibdi. Osiyo Futbol Konfederatsiyasi (OFK) 2031 va 2035 yilgi Osiyo Kuboklarini bekor qilish va ularni tashkil etish jarayonini butunlay qaytadan boshlash haqida qaror qabul qildi. Bunga sabab — FIFA ta’siri va Osiyoning eng yirik turniri tuzilmasini o‘zgartiruvchi xalqaro taqvimning yangi konsepsiyasidir. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida xabar berildi. 

OFK milliy federatsiyalarni 2031 va 2035 yilgi Osiyo Kubogi mezbonlarini tanlash jarayoni bekor qilingani haqida rasman xabardor qilgan. Ushbu turnirlarni o‘tkazish uchun O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston qo‘shma ariza topshirgan edi. Qaror qiziqish bildirgan davlatlar ro‘yxati e’lon qilinganidan bir necha hafta o‘tib qabul qilindi. Biroq butun jarayon bekor bo‘ldi. Sababi — FIFA’ning qit’a turnirlari jadvalini o‘zgartirish va ularni juft yillarga o‘tkazish haqidagi tashabbusi. Muzokaralardan so‘ng OFK ushbu taklifga rozi bo‘ldi.

Nimalar o‘zgaradi?

Asosiy oqibat — turnirlarning to‘liq ko‘chirilishi: 2031 yilgi Osiyo Kubogi endi 2032 yilda, 2035 yilgi turnir esa 2036 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Shu tariqa, turnirning odatiy tizimi buziladi va musobaqalar boshqa vaqt oralig‘ida o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Osiyo Kubogi-2027 belgilangan reja bo‘yicha — o‘zgarishlarsiz o‘tishi OFK tomonidan tasdiqlandi.

Osiyo Kubogining juft yillarga ko‘chirilishi yana bir muammoni — boshqa konfederatsiyalarning yirik turnirlari bilan to‘qnashuvni keltirib chiqaradi. Endi bir yilning o‘zida Yevropa chempionati (UEFA Euro), Amerika Kubogi (Copa America) va Osiyo Kubogi bo‘lib o‘tishi mumkin.
Bu futbol taqvimining haddan tashqari tig‘izlashishini anglatadi. Terma jamoalar, futbolchilar va federatsiyalar qo‘shimcha yuklama hamda rejalashtirishdagi qiyinchiliklarga duch keladi. Aslida, gap terma jamoalar darajasidagi futbol yilining global “qayta yuklanishi” haqida ketmoqda.

Nima uchun FIFA tizimni o‘zgartirmoqda?

O‘zgarishlar xalqaro taqvimni markazlashgan holda boshqarish bilan bog‘liq. FIFA 2030 yilgacha bo‘lgan global musobaqalar rejasini tasdiqlab bo‘lgan, unda terma jamoalar o‘yinlari uchun oynalar, saralash turnirlari, final bosqichlari va o‘rtoqlik uchrashuvlari aniq belgilab qo‘yilgan. Ushbu tizimda har bir konfederatsiya umumiy jadvalga moslashishi kerak. Osiyo Kubogi bo‘yicha qaror — mana shu katta islohotning bir qismidir.

Mezbonlikka nomzodlar taqdiri nima bo‘ladi?

Turnirlarning bekor qilinishi barcha mamlakatlarning arizalarini avtomatik ravishda bekor qiladi. Bu shuni anglatadiki, barcha davlatlar o‘zlarining joriy arizalarini yo‘qotadi, mezbonlarni tanlash jarayoni qaytadan boshlanadi va hamma yangi tartibni kutishiga to‘g‘ri keladi. OFK amalda ikkita turnirga tayyorgarlik ko‘rish siklini “nol”ga tushirdi.

Umuman olganda, OFK qarori FIFA’ning jahon futboli tuzilmasiga ta’siri qanchalik kuchli ekanining ko‘rsatkichidir. Osiyo Kubogi qit’aning asosiy turniri bo‘lib qoladi, ammo endi u ancha qattiq va unifikatsiya qilingan tizimning bir qismiga aylanmoqda. Oldinda — yangi arizalar, yangi sanalar va, ehtimol, yangi format kutmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

FIFA Osiyo Kubogi-2031 Osiyo Futbol Konfederatsiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing