Oshirilayotgan benzin narxlari faqat xususiy shoxobchalarga tegishli – “O‘zbekneftgaz”
Jamiyat
−
06 dekabr 2022
10239Avvalroq respublikada AI-80 benzini yetishmovchiligi yo‘qligi va narxi oshirilmagani haqida xabar berilgandi. Ammo hozirda bir qancha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari tablolarida benzin narxi 6800 so‘m emas, 7000-7100 so‘mni ko‘rsatmoqda. Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati matbuot kotibi Siyovush Hoshimov bilan bog‘landi.
Kotibning so‘zlariga ko‘ra, oshirilayotgan benzin narxlarining barchasi xususiy AYOQSHlarga tegishli.
“O‘zbekneftgaz”ga qarashli AYOQSHlarda benzinning narxi sun’iy oshirilmagan. “O‘zbekneftgaz”ga qarashli AYOQSHlarda benzinning narxini o‘zgartirishga hech kimning haqqi yo‘q. Xususiy shoxobchalar benzinning narxini o‘zi belgilaydi”, deydi Hoshimov.
Shuningdek, u “O‘zbekneftgaz” xususiy AYOQSHlarga nisabatan hech qanday qarshilik ko‘rsata olmasligini aytib o‘tdi. Agarda “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi shoxobchalarda narxni sun’iy oshirilishi bilan bog‘liq holatlar yuzaga kelsa, ularga nisbatan chora ko‘riladi.
“Xususiy AYOQSHlardagi narxning oshishi “O‘zbekneftgaz”ga tegishli AYOQSHlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi, jumladan, turnaqator navbatlarni yuzaga keltirishi ham mumkin”, deydi matbuot kotibi.
Hoshimovning ta’kidlashicha, “O‘zbekneftgaz”ga tegishli AYOQSHlarda benzin tugagani hamda avtobenzin narxining sun’iy oshirilishiga guvoh bo‘lgan iste’molchilar (71) 200-01-24 telefon raqami orqali 24 soat davomida murojaat qoldirishlari mumkin.
LiveBarchasi