SSV Zangiota shifoxonasida mayitni olishda yuzaga kelgan turnaqator navbat bo‘yicha izoh berdi
Jamiyat
−
19 Oktabr 2020
14932Avvalroq, Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etganlarning jasadi berilishini qarindoshlari muassasa eshigi oldida uzoq vaqt kutib qolayotgani to‘g‘risida video tarqalgani haqida xabar bergan edik.
Ushbu holat bo‘yicha Respublika patologik anatomiya markazi direktori, SSV bosh patologoanatomi, professor Rajabboy Isroilov izoh berdi.
Professorning so‘zlariga ko‘ra, Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida joriy yilning 1 avgust kunidan boshlab patologik anatomiya bo‘limi faoliyati tashkil etildi. Endilikda, ortiqcha ovoragarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida mazkur shifoxonada vafot etganlarning mayitini qarindoshlari ushbu bo‘limdan olib ketishlari mumkin. Bundan avval mayit Respublika patologik anatomiya markaziga olib borilardi.
“Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 28 martdagi “Koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan yoki gumon qilinib, vafot etgan bemorlar jasadini dafn etishda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha vaqtincha qoidalar”ga asosan, o‘lim sodir bo‘lgan bo‘limda 2 soat saqlanib, shundan so‘nggina patologik anatomiya bo‘limiga olib kelinadi. Keyin murda ro‘yxatdan o‘tkazilib, 3 foizli xlorli eritmada zararsizlantiriladi, murdaning diniy e’tiqodiga ko‘ra, yuvilib (kafanlanib yoki kiyintirib) qarishdoshlariga topshiriladi. Tabiiyki, bu amaliyotlar o‘tkazilishi uchun o‘rtacha 3-4 soat vaqt talab etiladi. Bu vaqtda qarindoshlar muassasa eshigi tagida kutib qolmoqda”, deydi Rajabboy Isroilov.
Respublika patologik anatomiya markazi direktori O‘zbekistonda kunlik koronavirus qurbonlari soni u qadar ko‘p bo‘lmagani holda shifoxona oldida ko‘plab odamlar to‘planganiga ham izoh berib o‘tgan.
“Patologik anatomiya bo‘limi eshigi oldida kutib turgan odamlarning ko‘pligining sababi aslida bir nafar murdani olib ketish uchun kamida 4 nafar qarindoshi keladi, bu esa o‘z-o‘zidan fuqarolarni vahimaga tushishiga sababchi bo‘lmoqda. Qayd etish joizki, statistika ma’lumotlarini soxtalashtirishdan hech kim manfaatdor emas”, deya holatni tushuntirgan professor Isroilov.
Qayd etilishicha, Zangiota tumanidagi yuqumlik asalliklar shifoxonasida nafaqat koronavirus bilan kasallanganlar, balki boshqa turdagi o‘tkir infeksiya va pnevmoniya bilan og‘rigan bemorlar ham davolanmoqda. Koronavirusdan vafot etganlar statistikasida faqat “COVID-19” diagnozi virusologik tekshiruvda tasdiqlanganlar soni beriladi, lekin bu shifoxonada pnevmoniya va boshqa infeksion kasalliklardan ham vafot etayotganlar bor. Tabiiyki, ular koronavirus statistikasiga kiritilmaydi.
Shuningdek, ushbu shifoxonadagi patologoanatomik bo‘limi yanada takomillashtirilib, kechki navbatchilikni ham tashkil qilish va tungi vaqtlarda mayitni qarindoshlariga topshirish imkonini yaratish rejalashtirilmoqda.
Mutaxassis Zangiota shifoxonasi atrofida tobut tashiydigan mashinalar narxlarni 700 mingdan boshlab ko‘tarib yuborgani haqidagi xabarlarga o‘z munosabatini bildirib o‘tgan.
“Jasadlarni yetkazib berish Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika patologik anatomiya markazi zimmasida emas. Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi darvozasi oldida dafn etish marosimini tashkil qiluvchi xususiy tashkilotlar jasadni tashib berishni taklif qilishmoqda. Ularning o‘z xizmatlari uchun belgilagan narxlarini nazorat qilish Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika patologik anatomiya markazi vakolatiga kirmaydi”, deydi Rajabboy Israilov.
LiveBarchasi