Quvaytlik fuqaro Zangiotadagi shifoxonada vafot etdi. Jasad 4 kundan beri yaqinlariga berilmayapti
Jamiyat
−
19 Oktabr 2020
18782Koronavirusga chalinib, Zangiotadagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonada davolanayotgan quvaytlik 67 yashar fuqaro Saleh Darvesh vafot etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda.
2003 yildan buyon O‘zbekistonda yashab kelayotgan Saleh Darvesh joriy yilning 6 oktyabr kuni tez yordam bilan Zangiotadagi yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonaga olib ketilgan. Joriy yilning 15 oktyabr kuni vafot etgan.
Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ o‘tgan haftaning shanba kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev bilan bog‘landi. Mas’ul bundan xabardor emasligi, holat yuzasidan Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi ma’muriyati bilan bog‘langani, bemorning vafoti haqidagi ma’lumotlar tayyor bo‘lgach, xabar berilishini aytgan edi. Shuningdek, u bemorning qand kasali borligini qo‘shimcha qildi.
Quvaytlik bemor O‘zbekistonda vafot etganiga 4 kun, QALAMPIR.UZ uning vafoti haqida SSVdan rasmiy ma’lumot so‘raganiga esa 2 kun to‘ldi. Ammo hamon na rasmiy ma’lumot berildi, na marhumning jasadi yaqinlariga topshirildi. Uning rafiqasi hamon turmush o‘rtog‘ining jasadini “morg”dan ololmay halak.
QALAMPIR.UZ marhumning rafiqasi bilan bog‘landi. U turmush o‘rtog‘i shifoxonaga olib ketilayotganda MSKT natijalari bo‘lgani, bemorda ikki taraflama – chap tarafida 10, o‘ng tarafida 15 foiz pnevmoniya aniqlangani, saturatsiyasi 91 ga tushgani va isitmalagani uchun tez yordamga murojaat qilinganini aytadi.
Saleh Darvesh 2003 yildan buyon O‘zbekistonda yashagan. Oilali, ikki qiz farzandi bor. U Toshkentga dafn etiladi. Bugun, 19 oktyabr kuni soat 11:30 holatiga ko‘ra, uning jasadi hamon yaqinlariga berilmagan.
Marhum Toshkentga dafn etiladi.
LiveBarchasi