Ortiqxo‘jayev va uning hokimiyati qonunni mensimaydi...mi?
Tahlil
−
26 iyun 2019
27710Bundan bir necha soat avval Toshkent shahar hokimiyati ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida kecha, 25 iyun kuni poytaxtning Alisher Navoiy shoh ko‘chasi, “Turkiston” san’at saroyi old qismidagi daraxtlar noqonuniy ravishda kesilayotgani bilan bog‘liq xabarni e’lon qildi. Unda shunday deyiladi:
“Hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev 25 iyundan 26 iyunga o‘tar kechasidagi kuzatuv davomida Alisher Navoiy shoh ko‘chasidan o‘tar ekan, “Turkiston” san’at saroyining old tomonida daraxtlar kesilayotganiga guvoh bo‘ldi.
Hokim ushbu noqonuniy harakat bo‘yicha izoh so‘raganida, “tabiat kushandalari” diametri 70-80 santimetr bo‘lgan 20 ta daraxtni kesish uchun “Yagona oyna” davlat xizmatlari markazidan 61 ming so‘m evaziga ruxsat olganliklarini ma’lum qilishdi. Voqea joyiga tezlik bilan Yunusobod tuman hokimligi, Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, IIBB va prokuratura mutasaddilari chaqirildi.
Ayni paytda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ushbu noqonuniy harakatga aloqador guruh qo‘lga olingan. Prokuratura nazoratida sog‘lom daraxtlarni kesish bo‘yicha aniqlangan holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda”.
Mazkur xabar bilan bog‘liq boshqa tafsilotlar QALAMPIR.UZ’ga bugun, 26 iyun kuni soat 8:30 da yetib keldi.
Ma’lum qilinishicha, hokim Ortiqxo‘jayevning topshirig‘iga binoan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari daraxt kesilishiga aloqador bo‘lganlarni voqea joyida qo‘liga kishan solib, Yunusobod tumani IIBga olib ketgan va ularning ayrimlari haligacha o‘sha yerda saqlab turilibdi? Xo‘sh, nega?
Albatta, Toshkent shahar hokimligi o‘zi tarqatgan xabarda daraxtlarning sog‘lom ekanini iddao qilsa-da, bog‘dorchilikdan xabari bor har kishiga videodan ko‘rinib turibdiki, kesilgan daraxt chirib ketgan. Xo‘sh, sizningcha, bu daraxtni kesmasdan shamol va yog‘ingarchilikda odamlar va avtomobillar ustiga ag‘darilishini kutish kerakmidi?
Agar daraxtni kesishda ishtirok etganlarning xatti-haraktalari haqiqatan ham noqonuniy bo‘lsa, ular aybdor. Ammo, ular yo‘l qo‘ygan qonunbuzarlik jinoiy javobgarlikka emas, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik kodeksining 104-moddasiga oid. Shunga qaramay, ushbu holatga yo‘l qo‘ygan, daraxt kesilishida ishtirok etganlar Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning topshirig‘iga binoan Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan kishanlangan holda olib ketilgan. Holat bo‘yicha tergov o‘tkazilgan. Shuningdek, voqea joyida bo‘lmagan Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektori Yunusobod tumani IIBga chaqirtirilib, u ham hibslangan. Bundan ko‘rinib turibdiki, IIBB so‘roq qilmasdan, surishtirmasdan ularni hibslagan. Hokim esa bunga bosh-qosh bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik kodeksining 79-moddasida “Daraxtlar, butalarni, boshqa o‘rmon o‘simliklari va nihollarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga eng kam ish haqining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”, deb yozib qo‘yilgan. Shunday ekan, kecha “Turkiston” san’at saroyi old qismida daraxt kesganlar va bu ishga aloqador sifatida ko‘rilgan boshqa mas’ulllar nima uchun IIBga olib borilib, kameraga qamab qo‘yildi? Biz mazkur savollarga javob olish uchun surishtiruv boshladik.
Eng birinchi navbatda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Matbuot xizmati bilan bog‘landik. Matbuot xizmati xodimi voqeadan xabardorligini aytarkan, daraxt kesilishiga aloqadorlar Toshkent shahar hokimining topshirig‘i bilan hibslangani, ular Jinoyat protsesual kodeksining 224-moddasiga ko‘ra ushlab turilganini ochiqladi. Hayratdan yoqa ushlaysan kishi. Hokimning topshirig‘i ma’muriy javobgarlikni jinoyatga aylantirib yuborish kuchiga egami? Qani adolat, qani qonun ustuvorligi? Daraxt kesgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilmaydi-ku. Yo hokimu huquq-tartibot organlari xodimlarining o‘zi ham qonunlardan bexabaru o‘ziga kelganda uni istagancha o‘zgartiradimi?
Masalaga aniqlik kiritish maqsadida, Yunusobod tumani Ichki ishlar bo‘limiga bordik. Soat 13:00 lar atrofida ostonada turgan qo‘riqchi ichkariga bu ishga aloqador hech kim kiritilmayotgani, kirib-chiqqanlar prokuratura tomonidan nazoratga olinayotganini aytdi. OAV xodimi ekanim, daraxt kesilishi bilan bog‘liq holatni xolis o‘rgangani kelganimni aytishimga qaramasdan, meni ichkariga qo‘ymadi. Shu alfoz ikki soatga yaqin tik oyoqda tashqarida prokuraturaning ruxsat berishini kutishga to‘g‘ri keldi. Bu orada Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga qo‘ng‘iroq qildik. Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova bilan bog‘landik.
“Tergov bo‘lib turgan joyga sizni kiritishmaydi. Ma’lumotlar to‘plangach, albatta, rasmiy xabar beriladi. Hali bu ishga noqonuniy deb baho berilgani yo‘q. Ish o‘rganilyapti. Kecha kechasi bo‘lgan holatda tergovga qadar tekshiruv tayinlasa ham, birdaniga ish qo‘zg‘atilgani yoki boshqa chora ko‘rilgani yuzasidan hech narsa ayta olishmaydi. Tergovning natijasi bo‘lishi kerak”, deydi Rahmonova.
Biz Rahmonovaning so‘zlariga qarshi emasmiz, ammo shu o‘rinda kalavaning yana bir uchi kelib chiqyapti. Toshkent shahar hokimligi ushbu voqea haqida bong urib, xabar tarqatarkan, “Hokim ushbu noqonuniy harakat bo‘yicha izoh so‘raganida” degan jumlani ishlatgan. Xo‘sh, nima uchun huquq-tartibot organlarining xulosasiz Toshkent shahar hokimiyati voqeaga noqonuniy, deya baho beryapti. Bu hokimlikning qonunni bilmasligidan dalolatmi yo uni mensimasligi?
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Matbuot xizmati xodimi esa ushbu ish ichki ishlardan prokuratura yurituviga o‘tkazilganini ta’kidlab, javobni bo‘ynidan soqit qildi.
Biz tashqarida vaziyatga oydinlik kiritilishini kutishda davom etarkanmiz, eshik yaqinida ikki advokatga ham ko‘zimiz tushdi. Shaxsini ochiqlashni va ichkaridagilardan kimning advokati ekanini aytishni istamagan himoyachilar bizga faqatgina daraxt kesilishi bilan bog‘liq holatda tergovga tortilib, ichkariga olinganlar ortidan kelishganini aytishdi. Buni qarangki, qonun ustuvor bo‘lgan Toshkentda advokatlar ham ichkariga kiritilmaydi, ular biz kabi tashqarida kutishga mahkum etildi.
OAV vakilining kiritilmasligini qaysidir ma’noda tushunish mumkin. Ammo ichkarida ishi ko‘rilayotganlarning advokati kiritilmasligiga nima deysiz?
Mazkur masala yuzasidan yana IIBBga murojaat qildik. “Ular bo‘lishi mumkin emas”, degan javob bilan qutuldi va holat bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksining 224-moddasiga binoan 4 kishi qo‘lga olingani, 13 kishi tushuntirish xati yozganini ma’lum qildi.
Shu o‘rinda bir necha savollar tug‘iladi: ma’muriy javobgarlik uchun IIB sud sanksiyasisiz kimnidir hibsda ushlab turishi mumkinmi? Kamiga ularning advokati ichkariga kiritilmasligi-chi? Toshkent shahar hokimiyati hali uzil-kesil hal etilmagan holatni qonunbuzarlik deyishga qanchalik haqli? Bu savollarga tegishli tashkilotlar rahbarlaridan javob kutamiz.
Masalaga yanada aniqlik kiritish maqsadida daraxt kelsilgan o‘sha hududga – “Turkiston” saroyi old qismiga bordik. O‘sha yerda Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimi sifatida o‘zini tanishtirgan Behruz Ko‘charovning so‘zlariga ko‘ra, kesilgan terak daraxti haqiqatan ham xavfli holat keltirib chiqarish darajasiga kelib qolgan, u “Yagona darcha” ruxsati bilan kesilgan.
Xullas vaziyat hamon chigalligicha qolmoqda. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari OAV aralashuvidan xabar topib, hibslanganlarning yaqinlariga internetga xabar tarqatish ularga faqat zarar keltirishini aytib, ogohlantirgan. Oradan shuncha vaqt o‘tishiga qaramasdan, na Toshkent shahar hokimiyati, na prorkuratura, na IIBB vaziyatga oydinlik kiritdi. Bir necha kishi hamon Yunusobod IIBda qolmoqda.
Biz OAV o‘laroq poytaxtda tabiatga zarar keltirilayotgani, daraxtlar kesilib, nobud qilinayotganini qoralaymiz. Biroq, har qanday holat qonun doirasi ko‘rib chiqilishi, shunga yarasha jazo qo‘llanilishi kerak. Aksincha, qaysidir amaldorning xohishi, istagi bilan qonunlar o‘zgaraversa, bu jamiyatning demokratlashuviga emas, avtoritar tuzumning yuzaga kelishigi turtki bo‘ladi.
Jinoyat kodeksiga daxldor bo‘lmagan ushbu holatda daraxt kesilishiga aloqador bo‘lganlar sudning qaroririsiz nima sabab ushlab turilgani bizga qorong‘u. Bu savolga javob sifatida keltirishi mumkin bo‘lgan sabablar mavjuddir. Biroq, huquq-tartibot organlari hamon sukut saqlamoqda. QALAMPIR.UZ ularni eshitish uchun ostonasiga qadar bordi. Ular esa javob berish vaqti kelganida bizni o‘zlari topib olishlariga ishonamiz.
Darvoqe, Toshkent shahar hokimi tuni bilan daraxtlarga poyloqchilik qilguncha, kesilishi kerak bo‘lganlarni avvaldan belgilashda ishtirok etsa, yog‘ingarchilikda ancha-buncha zararning oldi olinarmidi...
LiveBarchasi