Ortiqxo‘jayev qaytadimi?
Tahlil
−
24 avgust
12005Prezident tomonidan keskin tanqid qilinib, poytaxt hokimi lavozimidan olingan Jahongir Ortiqxo‘jayev Prezident atrofida ko‘rinish berdi. Xabaringiz bo‘lsa kerak, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. 23 avgust kuni Ozarbayjon va O‘zbekiston Prezidentlari ishtirokida mamlakat ishbilarmon doira vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda Toshkent shahrining sobiq hokimi, taniqli tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev ham qatnashdi.
Ishbilarmon doira vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ortiqxo‘jayevdan tashqari, tadbirkor Zafar Hoshimov va ERIELL Group boshqaruvi raisi Baxtiyor Fozilov ham qatnashgan. Sobiq shahar hokimi uchrashuvda boshqa tadbirkorlar qatorida emas, balki Shavkat Mirziyoyevning chap tomonidan ikkinchi bo‘lib Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning yonida o‘tirgan. Shuningdek, u bu davrada so‘z ham olgan.
Ortiqxo‘jayev Prezidentning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi doirasida tadbirkorlar bilan uchrashuvda ham ko‘rgan edik, deyayotgandirsiz. Ha, sobiq hokim kuni kecha Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ko‘rinish bergandi. Ishdan olinganidan buyon birinchi marta mamlakat miqyosidagi Prezident ishtirokidagi tadbirda qatnashganini ko‘pchilik sezdi. Lekin bu uchrashuv yuqorida aytganimizdek, Prezident va tadbirkorlar uchrashuvi edi.
Nima uchun Ortiqxo‘jayevning bu uchrashuvi jurnalistlar e’tiboriga tushganiga alohida to‘xtalamiz. Sababi oddiy sobiq hokim 2023 yil 16 yanvar kuni Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan energiya resurslari ta’minoti yuzasidan yig‘ilishda shaxsan Shavkat Mirziyoyev tomonidan tanqid qilinib, “oyog‘i yerdan uzilgan”likda ayblanib, ishdan olingan edi. O‘shanda Mirziyoyev Ortiqxo‘jayevni ishdan olganini shunday izohlagan edi.
“Shuncha gapirganimiz bilan Vazirlar Mahkamasi mas’ullari qayerga qarayapti, degan savol meni qiynayapti. Shu bois qish mavsumiga lozim tarzda tayyorgarlik ko‘rmagani uchun Toshkent shahar hokimi Ortiqxo‘jayevni ishdan oldim. Kechasi shtabda men uni ishdan oldim. Quruq gap, yolg‘on hisobot bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun ishdan oldim”, degandi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Ortiqxo‘jayevning ogohlantirishlarga qaramay qishga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmaganini tanqid qilgandi o‘shanda.
Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etilganidan keyin hukumat tadbirlarida ko‘rinish bermayotgan edi. Va e’lon qilingan shu surat ko‘pchilikda Ortiqxo‘jayev hukumatga yana qaytadimi, degan savolni o‘rtaga tashladi.
Aslida sobiq hokimni shaxsan Prezidentning o‘zi hokim lavozimiga qo‘ygandi. Shavkat Mirziyoyev uni ilk bor xalqqa Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning 2018 yil 30 aprel – 1 may kunlari amalga oshirgan tashrifi doirasida Toshkentda bo‘lib o‘tgan biznes forumida tanishtirib, yangi hokim mutlaqo boshqa muhitdan yetishib chiqqani, byurokratiya tizimida ishlamagani, haqiqiy tadbirkor ekanini aytgandi.
“Birinchi marta O‘zbekiston tarixida ishbilarmon, o‘zim ishongan ishbilarmonni Toshkent shahar hokimi qilib tayinladim. Bu tarixda bo‘lmagan”, degan edi Mirziyoyev.
Hokim bo‘lguncha davlat ishida faoliyat yuritmagan, tadbirkorlik bilan shug‘ullangan Ortiqxo‘jayev hokimlik davrida ko‘p tanqidlarga uchradi. Qishga yaxshi tayyorgarlik ko‘rmagani tamg‘asi bilan ishdan olingan hokim o‘rnini 2018 yildan buyon Prezidentga bergan va’dasini bajarmay kelgan “O‘zavtosanoat” kompaniyasi rahbari Shavkat Umurzoqov egalladi. Ko‘pchilik uni “O‘zavtosanoat” kompaniyasi rahbari sifatida taniydi.
Jahongir Ortiqxo‘jayev ishdan olinganidan so‘ng QALAMPIR.UZ poytaxt ko‘chalarida so‘rovnoma o‘tkazdi, kimdir uning ketganidan xursand bo‘lsa, yana kimdir poytaxt uchun undan-da munosibroq hokim bo‘lmagani haqida gapirgandi o‘shanda.
Lekin odamlar shaharga tayinlangan yangi hokimni tanimagan ham.
QALAMPIR.UZ poytaxtning yangi hokimiga “sobiq shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevdan qanday muammoli meros qoldi?” deb savol berganida shunday javob olgandi:
“Men vaqtimni orqadagi narsani kovlashga sarflamayman. Vaqtim qimmatroq va oldinga qarashga harakat qilaman. Aholi soni 100 mingga o‘syaptimi, hamma narsani baravar olib borish kerak. Hech narsani o‘z-o‘zidan bajarib bo‘lmaydi. Ilm boilan qilish kerak. Ko‘chalarni “asfalt”lash mumkin, lekin bu tirbandlik muammosini hal qilmaydi”, degan edi shahar hokimi.
Toshkentning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Prezident tomonidan “oyog‘i yerdan uzilgan” degan tamg‘a bilan ishdan ketdi. U ketib shahar obod bo‘ldi, yomg‘ir tufayli Toshkentni suv bosmadi yoki “svet”, gaz masalasi hal bo‘ldi, deb aytolmaymiz.
Jahongir Ortiqxo‘jayevni ham yaxshi, ham yomon xotira bilan eslaydiganlar talay, albatta. Hokimlarni xalq saylamagan taqdirda ham tayinlangan hokim biror o‘zgarish qilishidan umid uzmaydi odamlar. Hozircha ko‘pchilik yangi shahar hokimini do‘konlardagi chirigan mevalarni tekshirib yurgani bilan taniy olyapti, xolos.
Yuqoridagi masala – hokimning hukumatga qaytishi masalasiga to‘xtalsak. Ha, qattiq tanqidlar bilan ishdan ketgan hokim Prezident yaqinida ko‘zga tashlandi. O‘zi umuman ishdan ketganidan buyon hali u, hali bu lavozimga tayinlanadi degan gaplar tingani yo‘q. Kimdir Ortiqxo‘jayev Bosh vazirga maslahatchi bo‘larkan desa, yana kimdir Bosh vazir bo‘lishi mumkin, dedi. Bugungi kunda QALAMPIR.UZ’ning qulog‘iga Ortiqxo‘jayev umuman boshqa lavozimga tayinlanishi haqida pichirlaganlar ham bo‘ldi. Xullas, buguncha bizda shunaqa gaplar, voqealar rivojini QALAMPIR.UZ’da kuzating.
LiveBarchasi