Ortiqxo‘jayev Prezidentdan o‘rnak olib, deputatlarga murojaatnoma yo‘lladi

Jamiyat

image

Shavkat Mirziyoyev Prezident bo‘lgach ilk bor 2017 yilda Oliy Majlisga murojaatnoma yo‘lladi va shundan beri ushbu siyosiy jarayon har yili an’ana tariqasida davom etib kelmoqda. Bugun, 25 noyabr kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham hududlar rahbarlari ichida ilk bor xalq vakillariga murojaat qildi.

J.Ortiqxo‘jayevning xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga murojaatnomasida shunday deyiladi

Assalomu alaykum, hurmatli deputatlar, hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari.

Bugungi sessiyani chaqirishimizdan maqsad, jonajon shahrimiz, aziz poytaxtimizni toza, ozoda, ko‘rkam shaharga aylantirishda Siz hurmatli deputatlarimiz bilan fikrlashib, aniq yo‘nalishlarni belgilab olishdir.

Habaringiz bor, joriy yilning 24 noyabr kuni hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev aholini rozi qilish, ularni yashash sharoitlarini yaxshilash, shuningdek, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahriga, jumladan, Shayxontohur tumaniga tashrif buyurdilar.

Tashrif davomida Davlatimiz Rahbari mahallalarda amalga oshirilayotgan “Obod mahalla” dasturi va “Yashil makon” umummilliy loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Bevosita aholi bilan muloqot qildilar.

Ommaviy axborot vositalari orqali barchangiz guvox bo‘ldingiz, Davlatimiz Rahbari aholi xonadonlariga kirib ularning yashash sharoiti bilan qiziqdilar. Xonadon egalari bilan yaqindan suxbat qurdilar.

Shuningdek, Prezidentimiz qator ijtimoiy soha ob’ektlarini ham ko‘zdan kechirib, farzandlarimiz ta’lim tarbiya olishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishdi.

Hurmatli deputatlar, albatta, amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlarimiz, yutuqlarimiz talaygina, ular o‘zimizniki. Lekin shu bilan birga tan olishimiz kerak yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarimiz ham yetarli ekanini Davlatimiz Rahbari yaqqol ko‘rsatib berdilar.

Nafaqat ko‘rsatib berdilar, balki ularni yechimi bo‘yicha aniq yo‘nalishlar va vazifalarni belgilab berdilar.

Xususan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi va “Obod mahalla” dasturini amalga oshirilishda yo‘l qo‘ygan qator xato va kamchiliklarimizni izoxlashga so‘z yo‘q.

Habaringiz bor, davlatimiz rahbarining qaroriga ko‘ra “Yashil makon” umummilliy loyihasini tatbiq etish hamda daraxtlarni ekish, parvarishlash va ko‘kalamzorlashtirish tizimini samarali tashkil etish maqsadida “dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi.

Loyiha doirasida 2021 yil kuz va 2022 yil bahor mavsumlarida «1 million daraxt» tashabbusi doirasida daraxt va buta ko‘chatlarini ekish bo‘yicha boshqarma va tashkilotlar kesimida dastur ishlab chiqildi.

  Shu jumladan, 243 ta ko‘chalar va 19 ta markaziy maydonlarga 101,6 ming dona manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi.

  Tuman hokimliklari tomonidan 575 ta mahallalardagi bo‘sh yer maydonlariga daraxt va buta ko‘chatlarini ekish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

  Dasturlar, chora-tadbirlar albatta qog‘ozda juda ham chiroylik, salmoqli. Lekin uni amalga oshirishda ayrim mas’ullarda fidoiylik, vatanparvarlik, shijoat, o‘z shahriga, yashayotgan mahallasiga mehr-muhabbat tuyg‘usi yetmayapti.

  Davlatimiz Rahbarining «Daraxt ekib qo‘yilgan, lekin daraxt ko‘chatini bunaqa tarzda ekishni mensimaslik deyish mumkin. Nomiga tiqib qo‘yilgan. Davlat nima uchun daraxt ko‘chatlariga shuncha pul berdi?

  Nima uchun mahallalar haftada bir kun o‘zi yashaydigan uy atrofini yig‘ishtirishga chiqmaydi? Bir qavatda yoki bitta hovlida qancha odam bor?

  Bugun biz ko‘rgan mahalladagi holatda bir yilda bir marta ham qaralmagan. Qanday qilib shu holda jonajon yurtimizni yuqori marralarga olib chiqishimiz mumkin?

  Jamoatchilik nazorati kerak bizga. Shayxontohur katta tuman. Boshqa tumanlarga namuna bo‘lish kerak» deya kuyinib ta’kidlaganlari bizning ishimizga berilgan baho deb bilaman. Biz hurmatli Prezidentimizning ushbu so‘zlaridan xulosa qilishimiz kerak. Yo‘l qo‘yilgan xatolarimizni bartaraf etish choralarini ko‘rishimiz kerak. Bu yo‘nalishda ishimizni tubdan qayta ko‘rib chiqamiz.

  Bu borada biz amaliy ishlarni boshlab yubordik. Jumladan, Toshkent shahri va tumanlarda ishchi guruxlar tuzib, mahallalarni birma bir o‘rganib, aniq manzilli chora-tadbirlar belgilayapmiz.

  Tasdiqlangan grafikka asosan Uchtepa tumanida o‘rganishlar o‘tkazildi. Bunda mahallalar, ko‘p qavatli uylar va ularga tutash hududlar tozaligi, ko‘kalamzorlashtirilganligi, irrigatsiya tizimlarini ishlashi va boshqa masalalar joyida mutasaddilar ishtirokida o‘rganildi.

  Qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ilgani uchun bir nechta muas’ullarga nisbatan keskin choralar ko‘rishga majbur bo‘ldik. Xususan, Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasidan ozod etildi.

  Shuningdek, Uchtepa tumani hokimining qurilish hamda kommunal masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ham lavozimidan ozod etildi. Tuman hokimiga esa xayfsan berildi.

  Hududlarni o‘rganish chog‘ida bir narsa ayon bo‘ldiki, yerlik va ko‘p xonadonli uylar joylashgan mahallardagi muammolar bir-birini takrorlamaydi.

  Ko‘p xonadonli uylar joylashgan mahallalarda uylarning tutash hududlari, irrigatsiya tarmoqlari, bolalar maydonchalari, yo‘laklar, uylar yer to‘lalari chiqindidan tozalanmagan.

  Chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash hollari va, ming afsuski, yuqori qavatlardan tashlab yuborish hollari oddiy holga aylangan. 

  Daraxtlarga shakl berilmagan, sug‘orilmagan. Yangi ekilgan nihollar qarovsiz holda o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

  Kuzgi xazonrezgi davrida hosil bo‘lgan xazonlar yig‘ilmagan va o‘z vaqtida olib chiqilmagan.

  Hududlarni supurish maqsadida mas’ul xodimlar ajratilmagan, ajratilgan bo‘lsa xam qog‘ozda bo‘lib, xaqiqatda bu xodimlar faoliyat yuritmagan.

  Bu ishlarga mas’ul bo‘lgan xususiy uy joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan yuqoridagi muammolarga panja ortidan qaralgan, ularni bartaraf qilish choralari ko‘rilmagan.

  Ko‘p xonadonli uylarda yashovchi fuqarolar bu masalalarga e’tiborsizlik bilan qarab, “Vatan ostonadan boshlanadi”,  “Mening mahallam, mening uyim”, “Mahalla Vatannig bir bo‘lagi” kabi ming yillik tushunchalarni unutib qo‘ymoqdalar.

  Xafta yoki oyda bir marotaba bo‘lsa xam fuqarolar tomonidan ota-bobolarimizdan qolgan udum, an’ana “xashar”lar uyushtirilmagan.

     Hurmatli deputatlar!

  Yuqoridagilardan kelib chiqib, azim Toshkentimizni ozoda va pokiza saqlash maqsadida quyidagilarni o‘zimizga vazifa qilib belgilab olishimiz kerak.

  Toshkent shahrida “Obod mahalla” dasturi va “Yashil makon” umummilliy loyiha doirasida olib borilayotgan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida hiyobonlar tashkil etish, daraxt ko‘chatlarini ekish, ularni parvarish qilish bo‘yicha ishlarimizni jadallashtirishimiz zarur.

  Yuqoridagi holatlarni bartaraf etish va o‘z navbatida maishiy chiqindilarni belgilangan joylarga olib borib tashlashlari, sanitariya qoidalariga rioya qilishlari, ayniqsa yoshlarimiz tarbiyasida ushbu masalada e’tiborli bo‘lishlarini fuqarolarimiz ongiga singdirib borishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

  Ushbu masalalarga aholini befarq bo‘lmasliklari uchun tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib borish siz deputatlar va mahalla faollarini roli katta.

  Buning uchun barcha mahallarda olib borilayotgan ishlarda nafaqat boshqarma va tashkilotlar hodimlari, balki hududda istiqomat qiluvchi aholini faolligini ham oshirishni zarur deb hisoblayman.

  Tasavvur qiling, har bir xonadondan fuqarolarimiz farzandlari bilan kamida 4 tadan ko‘chat eksa, bu tashabbuslar 2 – 3 yildan so‘ng shahrimiz yashilligiga, ekologiyasiga qanchalik ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

  Ko‘p qavatli uylar oldidagi betartib panjaralar
va o‘zboshimcha o‘ramalar, panjaralarni bartaraf qilish, xazon rezgilardan tozalash, to‘planib qolgan maishiy va boshqa turdagi chiqindilarni olib chiqib ketilishida nazorat ishlari kuchaytirilish zarur.

 Buning uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘p qavatli uylar atrofinini tozalash ishlarining sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kerak.

 Shu bilan birga, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha korxona, boshqarma, tashkilot va idoralarning o‘z ichki hududlarida va tutash hududda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chatlar ekish, mavjud daraxtlarni parvarishlash, shakl berish ishlariga har kuni bir soatdan vaqt ajratilsa, shahrimiz ozodaligi va ko‘rkamligi yanada ortadi.

  Bu ishlarni targ‘ibot qilishda, kerak bo‘lsa ularni ushbu ishlarga safarbar etishda Siz deputatlarning huquq va vakolatlaringiz yetarli.

     Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

  Shahrimizda yana bir dolzarb muammo borki, u ham bo‘lsa noqonuniy, o‘z boshimcha qurilishlarni amalga oshirish, yer maydonlarini noqonuniy egallab olish kabi masalalardir.

  So‘ngi kunlarda shaharda bunday noqonuniy qurilishlarni ko‘payib ketgani, bu esa aholining xaqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani hech kimga sir emas.

  Bunday qurilishlarni bartaraf etish maqsadida Sud idorlariga murojaat qildik. Sud tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlash yuzasidan bugungi kunda barcha tumanlarda noqonuniy, o‘zboshimcha qurilgan bino inshootlar bartaraf etilmoqda.

  Bundan kim ko‘proq aziyat chekmoqda? Albatta o‘zimiz, fuqarolarimiz. Chunki ushbu bino va inshootni qurish uchun qanchadir mablag‘ sarflanadi. Ammo qilayotgan ishini noqonuniy ekanini, qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda bunday o‘zboshimchalikka yo‘l qo‘yilmasligini bilmaydi yoki bilmaganga oladi.

  Bu yo‘nalishda ham biz aholiga doimiy tushuntirish targ‘ibot ishlarini olib borishimiz, hududimizda, mahallamizda olib borilayotgan barcha qurilish ishlarini amaldagi qonunchilikka asoslanib olib borilishi kerakligini nazoratga olishimiz zarur.

  Bunda har bir deputat, rahbar, mahalla raisi, shirkat rahbari va mas’ullar o‘z mas’uliyatini xis qilgan holda fidoiyligini namoyon etishi kerak.

     Hurmatli deputatlar, yig‘ilish ishtirokchilari!

  Bugungi murojaatdan kelib chiqib barchamiz o‘zimiz uchun to‘g‘ri xulosa chiqarib, vazifalarni aniq belgilab, kelgusida bunday xato va kamchiliklarni takrorlamasligimiz muhim.

 Prezidentimiz boshchiligida barcha sohalarda jadallik bilan olib borilayotgan islohotlar, ularning natijasi aholining roziligi va inson qadri uchun ekani bajarayotgan ishlarimizni baholashda bosh mezon bo‘lib qolishi zarur.

E’tiborlaringiz uchun raxmat. Sog‘ bo‘linglar.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

92

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing