Ortiqxo‘jayev hokim bo‘lmasa nima bo‘ladi? – Yaxshi bo‘ladi

Intervyu

13 yanvar kuni 6-chaqiriq Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining birinchi sessiyasida Toshkent shahar hokimi qayta muddatga tasdiqlandi. Biz ushbu sessiyada e’lon qilingan tanaffus vaqtida poytaxtning mashhur tadbirkorlaridan biri, “Murad buildings” asoschisi Murod Nazarov bilan suhbatlashdik. Yangi deputatlardan sanalmish bu biznesmen bilan suhbatimiz qisqa va qiziq bo‘ldi. 

–    Toshkent shahar kengashi deputatlarining birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Shahar hokimi masalasi muhokama qilinmoqda. Taassurotlar qanday?

– Men birinchi marta bunday joydaman. Ko‘ramiz endi. Yangilardanman. Ko‘p yaxshi insonlarni ko‘rdim. Shunday insonlar deputat bo‘lganidan xursandman. Asosan yoshlarni ko‘rdim. O‘z sohasining kuchli vakillarini ko‘rdim. Ish faoliyatini ko‘ramiz endi. Men to‘g‘risi, nima bo‘larkin deb ko‘rib o‘rganib o‘tiribman. Tushimda ham ko‘rmagan narsalar bo‘lib ketdi. Qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz. “Tema”ga kirvolaylik. 

– Birinchi taassurot qanaqa bo‘ldi? Masala qo‘yilyapti, ovoz berilyapti. Kimdir tushunib, kimdir tushunmay ovoz berayotganga o‘xshaydi.

– Qo‘l ko‘tarish tartibini yo‘q qilinsa bo‘lardi. Shuni sal o‘zgartirsa bo‘lardi. Bu yerda norozi bo‘lganlar ham qo‘rqqanidan qo‘l ko‘tarib turgan bo‘lishi mumkin. Shuni maxfiy ovoz berish tarzida qilsa ham bo‘ladi. Menga shunaqa tuyuldiki, ovozga qo‘yib darrov “ha, hamma rozi. Qarshilar yo‘q” deb tez o‘tib ketilyapti... Demokratiya bo‘lganidan keyin shu narsalarni ustida ishlash kerak, menimcha. 

– Ayni vaqtda shahar hokimi masalasi muhokama qilinmoqda. Agar ma’qullanmasa nima bo‘ladi?

– Yaxshi bo‘ladi. Hozir ovoz berishga kiramiz. Jahongir Obidovichning o‘zidan ham so‘radim. “O‘zingiz ishlashni xohlaysizmi?” deb. “Ha endi, sizlar saylasangiz...” degandi, “yo‘q, biz ovoz bersak ham, o‘zingiz rozimisiz?” deb so‘radim. Chunki, tagi tadbirkor odam-ku. Balki tadbirkorlik bilan ko‘proq foyda keltirar... Lekin aytganimdek, o‘zidan so‘radim. Biz xohlashimizdan oldin, u kishining o‘zi ham xohlashi kerak. Hokim sifatida bunday hokimlar juda kam. Haqiqatan yurt uchun, shahar uchun ko‘p ishlar qilyapti. Lekin o‘zlari ham rozi bo‘lishi kerak. Tadbirkor sifatida bundan ham ko‘p foydalari tegishi mumkin. 

– Agar hozir muhokamadan o‘tmay qolsa, nima bo‘ladi?  

– O‘tmay qolsa, undan ham yaxshi narsa bo‘ladi. Birinchidan, ancha-muncha ishni yo‘lga qo‘yib qo‘ygan. Balki undan ham yaxshiroq nomzod ham bo‘lishi mumkin. U kishi hozir shaharni bezatmoqda. Lekin buni hokimiyatning o‘zi qilishi shart emas. Tizimni yaratish kerak. O‘yin qoidalarini joyiga qo‘yish kerak. Imkoniyatni hammaga adolatli ravishda ishlashini ta’minlab berishi kerak. Shahardagi tadbirkorlarning ko‘pchiligini, minglab tadbirkorlarning hamkorligida ham ko‘p o‘zgarishlar qilsa bo‘ladi. Buning uchun tizimni yaratish kerak. Agar u kishining nomzodi o‘tmay qolsa, undan ham yaxshi nomzod bo‘lar, balki. 

– Ichkaridagi muhokama qanaqa bo‘ldi? Ko‘nglingiz to‘ldimi?

– Bizning partiyada (O‘zLiDep) tortishuvlar bo‘lmadi. Chunki hokim nomzodi bizning partiyadan berilgan. Boshqa hamma qo‘llab-quvvatlasa va buni ularning o‘zlari xohlasa, keyin foyda keltiradi. Majburlab bo‘lib qolmasin deyman-da. Har taraflama motivatsiya bo‘lishi kerak. Bu odam shaharda ishlab ko‘p narsalarni ko‘rdi. Tadbirkor sifatida, inson sifatida bu odamga shubha yo‘q. 

– Sizning o‘zingizda ham siyosiy ambitsiyalar bormi?

– Umuman yo‘q. Hattoki, deputat bo‘lishni tushimda ham ko‘rmaganman. Mening hayotiy aniq maqsad-rejalarim bor. Qayoqqa qarab intilayotanimni aniq bilaman. Buning orasida umuman siyosat yo‘q. Tushunmayman ham siyosatni. O‘qimayman, qiziqmayman ham. Maqsadim tadbirkorlik ham emas. Mening yo‘lim sal boshqacharoq. Tadbirkorlik hayotiy maqsadimga yordam beradi. Mening maqsadim – ilm. Maqsadim – vatandoshlarimizning onggini, tafakkurini ko‘tarilishiga hissa qo‘shish. Tadbirkorlik orqali bu narsani amalga oshirish imkoni ko‘proq. Chunki hamma narsaga tajriba kerak, pul kerak. Hamma narsaga imkoniyat kerak. Tadbirkorlik bu orzularimni amalga oshirishga yordam beryapti. Siyosat esa aksincha, o‘zimning hayotiy yo‘limdan chalg‘itadi. Shuning uchun, siyosiy ambitsiya umuman yo‘q. 


Maqola muallifi

Teglar

Murod Nazarov Ortiqxo'jaev

Baholaganlar

2627

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing