Orenburgda vaziyat o‘ta xavfli tus olishi ortidan ommaviy evakuatsiya e’lon qilindi (video)

Olam

image

Rossiya Federatsiyasining Orenburg shahridagi suv toshqini bilan bog‘liq vaziyat o‘ta xavfli tus oldi. Oxirgi o‘n soat ichida Uraldagi suv sathi 40 santimetrga ko‘tarilib, hozirda u 1143 santimetrga yetdi. Shaharda ommaviy evakuatsiya e’lon qilindi. Bu haqda shahar meri Sergey Salmin ma’lum qildi. 

Rasmiylar “Grand-Park” turar-joy majmuasi, “Kuybisheva” va “Solnechniy” qishloqlari, 23- va 24- mikrorayonlar, Ural va Donguz ko‘chalari, Aviagorodok va Ovchinny Gorodok tumanlari aholisidan uylarini tark etishni so‘ramoqda

“Hujjatlarni, dori-darmonlarni, zarur narsalarni o‘zingiz bilan olib, darhol uyingizni tark eting. Vaziyat o‘ta og‘ir, vaqtni boy bermang!” deb yozdi shahar meri o‘zining Telegram-kanalida.

Ma’lumot uchun, 9 aprel kuni Orenburgda birinchi toshqin sirenasi yangradi. U mahalliy aholiga 18 ta tuman va aholi punktlarini zudlik bilan evakuatsiya qilish haqida xabar berdi. O‘sha paytda Ural daryosidagi suv sathi 897 sm, kritik darajasi 930 sm edi. 

Oldinroq Orenburg hukumati shahardagi suv bugun, 12 aprel kuni eng yuqori cho‘qqiga chiqishini ma’lum qilgandi. Keyin suv bir necha kun davomida bir xil darajada qoladi, shundan so‘ng u asta-sekin pasayishni boshlaydi. Viloyatda jami 10 mingdan ortiq turar-joy binolari suv ostida qolgan, ularning 40 foizini qayta tiklash imkonsiz. Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi suv toshqini tufayli 14 kishi shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi. 7 apreldan beri mintaqada federal favqulodda holat joriy etilgan.

Orenburg viloyati gubernatori Denis Paslerning aytishicha, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, toshqindan ko‘rilgan zarar 40 milliard rubldan oshadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya suv toshqini Orenburg

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing