Orbannikida mehmonda bo‘lgan YeI yetakchilari “Yevropani ham yana buyuk qilish”ga qaror qildi
Olam
−
09 noyabr
3085Donald Trampning AQSH prezidentlik saylovidagi g‘alabasidan so‘ng kecha, 8 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi va uning davlatlari rahbarlari Budapeshtdagi sammitda raqobatbardoshlikni tiklash uchun islohotlar o‘tkazishga qaror qilishdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
EI vakilining ma’lumotlariga ko‘ra, Yangi geosiyosiy sharoitda AQSHda Donald Trampning g‘alabasi va Germaniyada hukmron koalitsiya parchalanganidan so‘ng Yevropa Ittifoqi va uning mamlakatlari yetakchilari blok pozitsiyasini mustahkamlash yo‘llarini izlamoqda. Sammitning asosiy mavzusi jahon bozorlaridagi raqobatbardoshlik haqida bo‘lgan.
“Uchrashuv ishtirokchilari Gruziyadagi vaziyatni muhokama qilish uchun yetarli vaqtga ega bo‘lmadi”, deydi EI vakili.
Qayd etilishicha, Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel bir kun avval Yevropa siyosiy hamjamiyatining forumida Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lgan va uni Yevropa integratsiyasini qayta yo‘lga qo‘yishga chaqirgan. Hozircha bu jarayon Tbilisi tomonidan Yevropa Ittifoqi tamoyillariga zid bo‘lgan chet el ta’siri va “oilaviy qadriyatlarni himoya qilish” to‘g‘risidagi qonunlar qabul qilingani sababli amalda to‘xtatib qo‘yilgan. Avvalroq Yevrokomissiya Gruziyaning Yevropa yo‘nalishini davom ettirish uchun mazkur qonunlarni bekor qilish zarurligini aytgandi.
Litva Prezidenti Gitanas Nauseda bu voqea yaqin kelajakda sodir bo‘lishiga ishonmasa-da, Yevropa Ittifoqi nuqtai nazarini Tbilisiga yetkazish g‘oyat muhimligiga ishonch bildirgan.
“Aniq xabar yuborishning o‘zi kifoya: Do‘stlar, agar siz shunday yo‘l tutsangiz, EI bilan yaqinlashishga umid qila olmaysiz. Siz undan uzoqlashib, qarama-qarshi yo‘nalishda harakat qilyapsiz. Umid qilamanki, bu taklif qabul qilinadi va tushuniladi, shuningdek, Gruziya baribir o‘z yo‘nalishini qayta ko‘rib chiqadi. Ammo hozircha bu yaqin kelajakda ro‘y berish ehtimoli yuqori ekanini ko‘rmayapman", deya ta’kidladi u Budapeshtdagi matbuot anjumanida.
Litva Prezidenti, shuningdek, Gruziya parlament saylovlaridagi qoidabuzarliklarni mustaqil xalqaro tergov qilishga chaqirgan.
Estoniya Bosh vaziri Kristen Mixal so‘nggi saylovlar erkin va adolatli deb tan olinmagani sababli Gruziyaning Yevropaga yo‘li uning rahbarlari tomonidan to‘xtatilganini e’lon qilish kerakligini ta’kidlagan. Yevropa Ittifoqi gruzin xalqining a’zolikka bo‘lgan samimiy intilishini eslab qolganini qo‘shimcha qilgan.
Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel esa nafaqat Yevropa Ittifoqida, balki boshqa mamlakatlarda ham o‘tgan saylovlarning shaffofligi bo‘yicha shubhalar mavjudligi, qalbakilashtirish bo‘yicha jiddiy iddaolar borligi va bu atroflicha tergovni talab qilinishi talabini qo‘ygan.
“Barcha jarayonlar adolatli va shaffof tarzda o‘tganiga ishonch hosil qilish uchun bizga bu jarayon haqida aniqlik kerak," deydi u.
Endi Yevropa Ittifoqining ushbu mamlakatdagi saylovlar, Bryussel va Tbilisi o‘rtasidagi munosabatlar holati haqidagi xulosalarini faqat 18 noyabr kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha kengashidan keyin kutish mumkin.
YeIning 27 mamlakati yetakchilari Yevropaning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va AQSH ko‘magidan mustaqil tarzda Ukraina mavzusiga ham to‘xtalgan. Xususan, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel “Yevropa uchun omon qolish retsepti” bilan o‘rtoqlashdi. Uning fikricha, yevropaliklar o‘z xavfsizligini boshqalarga topshirmasdan, dunyo miqyosidagi muammolarga qarshi tura oladigan kuchli va mustaqil Yevropani barpo etish uchun birlashishi zarur.
“Agar siz geosiyosiy o‘yin dasturxonida o‘tirmasangiz, unda taomga aylanasiz. Ukraina haqida ham shunday deyish mumkin. Ukraina taomnomada emas, dasturxon atrofida bo‘lishi kerak. Shuning uchun biz uning mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashda davom etishimiz lozim. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, biz Ukraina oldidagi majburiyatlarimizni bajarishda davom etishimiz shart”, deydi Borrel.
Borrel yaqin kunlar ichida Rossiya harbiy tajovuzidan o‘zini himoya qilayotgan mamlakatga tashrif buyurishini ma’lum qilgan. Ma’lumot uchun, u dekabr oyida o‘z lavozimini tark etadi va uning o‘rnini Yevrokomissiyaning yangi tarkibida Estoniyaning sobiq bosh vaziri Kaya Kallas egallaydi.
Sharl Mishelning vakolat muddati ham yakunlanmoqda, uning bu lavozimdagi oxirgi Yevrokengashi ham shu bo‘ldi. U o‘z nutqida Yevropa Ittifoqi Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishi kerakligini, agar Ukraina qo‘llab-quvvatlanmasa, Putin va dunyodagi boshqa avtoritar rejimlar uchun noto‘g‘ri signal bo‘lishini yana bir bor eslatib o‘tgan.
Yakuniy matbuot anjumanida u va Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, Donald Trampning kelajakdagi ma’muriyatiga Ukrainani Rossiyaga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlash zarurligini tushuntirish kerakligi aytib, Rossiya nafaqat Yevropa qit’asida, balki undan tashqarida ham tahdid tug‘dirayotganiga urg‘u bergan. Yaqin vaqt ichida Yevrokengashning yangi raisi, Portugaliyaning sobiq bosh vaziri Antoniu Koshta ham bu masala bilan shug‘ullanishi kerak bo‘ladi.
Fon der Lyayen Yevropa Komissiyasini yana bir muddatga boshqarishda davom etadi. Budapeshtda yig‘ilgan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari rahbarlari unga Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotini mustahkamlashning yangi strategiyasi va jadvalini ishlab chiqishni topshirgan.
Yevrokengashning qo‘shma bayonotida ta’kidlanishicha, Yevropa Komissiyasi rahbari o‘z jamoasi bilan investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘sish sur’ati pasaygan iqtisodiyotni jadallashtirish maqsadida moliya bozorlari, energetika va telekommunikatsiya sohalarini qanday takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi lozim.
Tramp g‘alabasidan so‘ng, uzoq vaqtdan beri amalga oshirilishi zarur bo‘lgan iqtisodiy islohotlar yanada muhimroq ahamiyat kasb etgan. Endi Yevropa Ittifoqi AQSH va Xitoy bilan blokning raqobatbardoshligini tezkor tiklash zarurligini anglamoqda. Hatto sammitning kutilmagan mezboni Viktor Orban ham bu fikrga qarshi chiqmadi va buning uchun Yevropa Ittifoqi birlashishi hamda “Yevropani yana buyuk qilishi” kerakligini ta’kidlagan.
Mohinur Karimova
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr