Orban Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazish uchun Kiyevga bordi
Olam
−
02 iyul
5413Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Kiyevga bordi. Bu haqda Orban matbuot xizmati rahbari Bertalan Xavasi ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Orban va Zelenskiy tinchlik o‘rnatish imkoniyatlari va Vengriya-Ukraina ikki tomonlama munosabatlaridagi dolzarb masalalarni muhokama qilmoqchi.
"Muzokaralarning eng muhim mavzusi - tinchlik o‘rnatish imkoniyati. Har ikki lider Vengriya-Ukraina ikki tomonlama munosabatlarini ham muhokama qiladi", dedi Xavasi.
Bu Vengriya Bosh vazirining Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri birinchi tashrifidir. G‘arbning Ukrainaga harbiy yordamini tanqid qilgan Orbanning tashrifi Vengriya Yevropa Ittifoqi kengashiga raislik qilganidan bir kun o‘tib amalga oshirildi.
YeI yetakchilari orasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan eng yaqin aloqaga ega ekanligi bilan tanilgan Orban 2022 yil fevralida Rossiya bosqinchiligi boshlanganidan beri Ukrainani Kreml agressiyasidan himoya qilishda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqi tashabbuslariga tez-tez qarshi chiqdi.
Orban o‘tgan yili Putinga Vengriya hech qachon Rossiya bilan to‘qnash kelishni istamasligini aytgan edi. 2024 yil boshida Yevropa Ittifoqi rahbarlariga Vengriya Bosh vazirining Ukrainaga yangi yordam sifatidagi 50 milliard yevrolik vetosini bekor qilishlari uchun bir necha hafta kerak bo‘ldi. O‘tgan haftada Yevropa Ittifoqi Ukrainaning YeIga a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshladi.