Orban YeIga Zelenskiy va Putin bilan uchrashuvlari haqida maktub yozdi

Olam

image

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy hamda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvlari haqida Yevropa Ittifoqi hamda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishelga maktub yo‘lladi. Bu haqda ismi sir saqlanishini istagan yevropalik amaldorga tayanib, “Current Time” xabar berdi.

Maktub joriy yilning 5 iyul kuni, ya’ni Vengriya Bosh vazirining Moskvaga tashrifidan so‘ng yozilgan. Ozarbayjondan yuborilgan ushbu maktub Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel va Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar rahbarlariga yo‘llangan.

Nashrning yozishicha, Orbanning xatida ayni ustunlik Ukraina tomonida emas, aksincha, Rossiya kuchlari tomonidaligi qayd etilgan. Maktubda Rossiya Prezidenti Ukraina Qurolli kuchlari yo‘qotishlarini oyiga 40-50 ming kishiga baholayotgani ham yozilgan. Biroq unda Rossiyaning yo‘qotishlari soni tilga olinmagan.

“Rossiya Prezidenti Putin Zelenskiyning vaqtinchalik sulhni rad etganidan hayratda qoldi. Rasmiy Moskva o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha har qanday taklifni ko‘rib chiqishga tayyor”, deya yozgan Orban o‘z maktubida.

Bundan tashqari, norasmiy maktub ichida Putin 2022 yilgi Istanbul kelishuvlarini hamon dolzarb deb hisoblashi bayon qilingan. Orbanning so‘zlariga ko‘ra, Putin bilan muhokama qilgan ikkinchi hujjat bu – Ukraina inqirozini siyosiy tartibga solish bo‘yicha Xitoy va Braziliya o‘rtasidagi umumiy kelishuvlarni aks ettirgan “Xitoy-Braziliya tinchlik rejasi” bo‘lgan.

Vengriya Bosh vazirining fikricha, Yevropa Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida tinchlik jarayonlarini boshlash uchun tashabbus ko‘rsatishi kerak.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 2 iyul kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Kiyevga bordi. G‘arbning Ukrainaga harbiy yordamini tanqid qilgan Orbanning tashrifi Vengriya Yevropa Ittifoqi kengashiga raisligi boshlanganidan bir kun o‘tib amalga oshirildi. 5 iyul kuni Orban Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish maqsadida Moskva shahriga bordi. Orban esa Putin bilan hozirgi uchrashuv muhim ekanligi va Vengriya tez orada Yevropada ham Rossiya, ham Ukraina bilan muloqot olib borishga qodir yagona davlatga aylanishini ta’kidlagan. 8 iyul kuni u Xitoy rahbari Si Szinpin bilan Pekindagi Dyaoyuytay davlat qarorgohida uchrashib, unda Si Szinpin Xitoy va Vengriya Ukraina inqirozini hal qilishda umumiy tamoyillarga ega ekanini aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Orban Xitoydan so‘ng Vashingtonga borishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Putin Zelenskiy Viktor Orban Sharl' Mishel

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing