Operachi Otabek Nazirov O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist bo‘ldi

Madaniyat-san’at

image

O‘zbekiston davlat simfonik orkestri opera artisti Otabek Bahodir o‘g‘li Nazirov "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist" faxriy unvoni bilan mukofotlandi. Bu haqda bugun, 25 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti  Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni qabul qilindi.

“O‘zining yorqin iste’dodi, ijro mahorati bilan o‘zbek opera san’atini va milliy madaniyatimizni rivojlantirish, uning shon-shuhratini yuksaltirishga qo‘shgan munosib hissasi, xalqaro miqyosda ijodiy aloqalarni mustahkamlash, xalqimizni jahon mumtoz musiqasidan bahramand etish, yoshlarning san’at olamiga qiziqishi va mehrini oshirish, ularni Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ibratli ishlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun Nazirov Otabek Bahodir o‘g‘liga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist" faxriy unvoni berilsin”, deyiladi farmonda.

Ma’lumot uchun, Otabek Nazirov 1999 yil 3 oktyabrda Xorazm viloyatining Xiva tumanida san’atkor oilasida tug‘ilgan. U bolaligida 5-sonli musiqa maktabida, keyinchalik esa Urganch shahridagi san’at kollejida tahsil olgan. Otabek Nazirov ta’limni O‘zbekiston davlat konservatoriyasida Akademik xonandalik yo‘nalishida davom ettirgan. Konservatoriyani tamomlagach, Nazirov O‘zbekiston davlat simfonik orkestrida yetakchi solist sifatida ish boshlaydi. U o‘tgan yili M.I. Glinka nomidagi XXVII xalqaro vokal tanlovida g‘alaba qozongan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan xonanda Ozoda Nursaidova, Alibek Kabdurahmanov va Dilnoza Ortiqova O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvonini olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Otabek Nazirov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing