AQSH O‘zbekiston va Afg‘onistonga nega bunchalik qiziqadi? Uilyam Eymike izoh berdi
Jamiyat
−
22 dekabr 2019
10818“Umuman olganda, tajribamdan kelib chiqib aytsam, odamlar yaxshi yashayotgan joyda revolyutsiya bo‘lmadi. Jamiyatda aholi daromadi yaxshi bo‘lsa, bolalar maktabga borsa, bunday joyda inqilobga ehtiyoj yo‘q. Odatda, ko‘p inqiloblar iqtisodiy tomondan yetishmovchiliklar sabab sodir bo‘ladi. Odamlar urushlardan ko‘ra tinch hayotni afzal ko‘radi”, deydi O‘zbekistonda o‘tayotgan parlament saylovlariga kuzatuvchi sifatida AQSHdan kelgan professor Uilyam Eymike.
Kecha, 21 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkilot direktorining birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov va amerikalik professor Uilyam Eymike o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda amerikalik mehmon Uilyam Eymike nega AQSH Markaziy Osiyo davlatlarini, ayniqsa, O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlayotganiga to‘xtaldi.
“Men Hukumat odami emasman. Lekin bu siyosatni o‘zim tushunganimdek izohlashga harakat qilaman.
AQSH O‘zbekistonni muhim strategik mintaqada joylashgan tinchlik nuqtalaridan biri deb hisoblaydi. Markaziy Osiyo mintaqasini urush o‘choqlari bo‘lgan Iroq, Afg‘oniston kabi davlatlarga kiruvchi “kalit” sifatida ko‘radi. U yerlarda tinchlik o‘rnatilishini istaydi.
AQSH mustaqil bo‘lganiga ko‘p bo‘lmagan va rivojlanish bosqichidagi davlatlarni qo‘llab-quvvatlab keladi. O‘zbekiston ham shunday davlatlardan biri va iqtisodiy jihatdan gullab-yashnashini xohlaymiz, xolos”.
U shuningdek, dunyodagi notinch hududlardan biri sifatida e’tirof etilayotgan qo‘shni davlat – Afg‘oniston masalasiga ham to‘xtalib shunday deydi:
“Afg‘oniston va shu kabi ayrim davlatlar terrorizm, ISHID kabi muammolar sabab xavfzsiz davlatlar safiga kira olmayapti. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida o‘tish bosqichida Hukumat tomonidan iqtisodiy jihatdan oyoqqa tura olmaganliklarini ko‘rsatish mumkin.
AQSH rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiyoti barqaror va xavfsizlik nuqtai nazaridan to‘liq ta’minlangan bo‘lishini istaydi.
Hozirda Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlikni ta’minlash borasida baqamti harakat qilayotgani olqishga sazovor. AQSH Hukumati esa mazkur mintaqa davlatlari bilan birga hamkorlik qilishga tayyor. AQSHning USAID agentligi faoliyati asoslari ham mana shularga tayangan”, deydi saylov kuzatuvchisi Uilyam Eymike.
Uilyam Eymike 1949 yil 23 fevralda AQSHda tug‘ilgan. Bir necha yil AQSH Nyu-York shtatining byudjet masalalari bo‘yicha boshqarmasida faoliyat yuritgan. Bir oz muddat Nyu-York shtati gubernatorining siyosiy masalalar bo‘yicha kotibi lavozimda ham ishlagan. Hozirda Kolumbiya universiteti Xalqaro va jamoatchilik munosabatlari maktabi professori hisoblanadi.
LiveBarchasi