Ona qornidagi chaqaloqning o‘limiga sabab bo‘lgan bee’tibor shifokor 2,5 yilga qamaldi

Jamiyat

image

Samarqand viloyatining Urgut tumanida joylashgan tug‘ruqxonada shifokorning beparvoligi sababli chaqloq dunyo yuzini ko‘rmay vafot etdi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi sudyasi Jahongir Arslonovning ma’lum qilishicha, akusher-ginekolog Sh.N. kasbiga nisbatan beparvo va mas’uliyatsizligi tufayli u tug‘ruq majmuasiga keltirilgan homilador ayolni tibbiy tekshiruvlardan o‘z vaqtida o‘tkazmagan va kerakli jarrohlik amaliyotini o‘z vaqtida amalga oshirmagan. 

Ajal bilan olishayotgan onaga esa, ancha kech — faqat so‘nggi daqiqalarda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Shu tariqa uning hayoti saqlab qolingan, ammo mitti chaqaloq hali dunyo yuzini ko‘rmay umri zavol topgan.

Ma’lum qilinishicha, tug‘ruq vaqti yaqinlashgan N.S. tungi soat 23:00 atrofida tug‘riqxonaga olib kelingach, Sh.N. uni qabul qilib oladi. Ayol tuni bilan to‘lg‘oq azoblari bilan qiynalib chiqadi. Ayol tabiiy yo‘l bilan farzandini dunyoga keltira olmaydi. O‘z vaqtida u bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilmaydi. 

Bu haqida Sh.N. tonggi soat 06:20da jarrohlik bo‘limidagilarni ogohlantiradi. Bu paytga kelib chaqaloqning yuragi urishdan to‘xtagan edi. Shifokorlar katta qiyinchilik bilan onaning jonini asrab qolishdi.

Mazkur holat yuzasidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilib, sud ishi Urgut tuman Jinoyat ishlar bo‘yicha sudida ko‘rib chiqildi. Sud sudlanuvchi Sh.N.ni Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topdi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 45-moddasini qo‘llab, uch yil tibbiyot muassasalarida akusher-ginekolog shifokor vazifasida, shuningdek, mansabdor, moddiy javobgar shaxs lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etib, ikki yil olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi. Sh. Nizomovga nisbatan qo‘llanilgan “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalidan qamoqqa olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat Tug'riqxona Urgut shifokor

Baholaganlar

78

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing