Olti oyda O‘zbekistonda byudjet xarajatlari daromaddan bir necha trlnga ko‘p bo‘ldi
Jamiyat
−
30 iyul 2021
4766Joriy yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda davlat byudjeti daromadlari 74,9 trln so‘mni, jami xarajatlar 79,3 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”dagi Davlat dasturining 2021 yilning birinchi yarim yilligidagi ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining hisobotida aytib o‘tildi.
Ta’kidlanishicha, Davlat dasturi 273 ta banddan iborat bo‘lib, 2021 yilning birinchi yarmida 116 ta banddagi topshiriqning ijrosi ta’minlanishi belgilangan. Ularning 89 tasi to‘liq bajarilgan, 2 ta bandning ijro muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan.
Dasturning 7 ta bandidagi vazifalar muddatidan avval bajarilib, yil davomida ijro etilishi belgilangan 82 ta band yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hisobot davrida ijtimoiy sohalarga yo‘naltirilgan xarajatlar 40,4 trln so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,6 foizga oshgan.
2021 yilning 30 iyun holatiga 209,2 ming yangi ish o‘rni yaratilgan, 78,5 ming nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitilgan, 24 mingdan ortiq fuqarolarga subsidiyalar ajratilgan.
Yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi barcha sektorlar va mahallalar kesimida alohida rejalar tasdiqlangan hamda jami 425 ming 662 nafardan ortiq yoshlarning bandligiga erishilgan.
Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini samarali tashkil etish uchun 660 mingta AstraZeneca, 6,5 mln doza
ZF-UZ-VAK 2001, 370 ming doza “Sputnik-V” vaksinalari olib kelingan hamda hisobot davrida aholi jami 5,3 mln doza vaksina bilan emlangan.
Yalpi majlisda Dastur ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligiga e’tibor qaratildi.
Xususan, har bir hududda tashqi qarz hisobiga amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari bo‘yicha xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga axborot kiritish amaliyoti talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan.
Dasturda 2021 yilning birinchi yarmida bajarilishi qayd etilgan 7 ta, jumladan, 30, 142, 231, 234, 237, 242-bandlardagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari belgilangan muddatlarda qabul qilinmagan.
Natijada Dasturning quyidagi muhim vazifalari ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmagan:
• xorijga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan va xorijiy til hamda kasblar bo‘yicha malaka imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolarni rag‘batlantirish tizimini joriy qilish;
• alohida e’tiborga muhtoj 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ta’lim olishi, aniq bir kasbni egallashi uchun ko‘maklashish;
• oliy ta’lim muassasalari va ta’lim tizimining quyi bo‘g‘inlari o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytirish maqsadida 65 ta akademik litseyning oliy ta’lim muassasalari bilan uzviy bog‘lanishini ta’minlash, 187 ta texnikumni o‘z yo‘nalishi bo‘yicha turdosh oliy ta’lim muassasalari va tarmoq korxonalariga biriktirish;
• oliy ta’lim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga ta’lim krediti berish tartibini joriy etish;
• muqobil energetika hamda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish.
Qayd etilishicha, Dasturda yil davomida bajarilishi nazarda tutilgan ayrim vazifalar ijrosi yuzasidan ishlar talab darajasida olib borilmayapti.
Xususan, Dasturning 209-bandida sportning yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish maqsadida aholi punktlarida, har bir mahalla va tuman (shahar)da jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullanishga shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat qabul qilish belgilangan. Bu borada ijrochilar tomonidan 2021 yil 25 may kuni loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan Hukumat qarori bugungi kunga qadar qabul qilinmagan.
Shuningdek, senatorlar, xorijiy mamlakatlardagi O‘zbekiston mehnat migrantlariga xizmat ko‘rsatish, ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish, jumladan, hayoti, sog‘lig‘i, mehnat sharoitlari va shartnomada belgilangan ish haqi o‘z vaqtida berilayotgani haqida doimiy monitoring olib borish zarurligini ta’kidladilar.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
LiveBarchasi