Olmaotalik haydovchi ChatGPT yordamida sudda g‘olib bo‘ldi
Olam
−
18 mart
11049Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida yashovchi 23 yoshli Kenjabek Ismoilov ChatGPT yordamida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimani bekor qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda “Tengrinews.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2024 yilning dekabr oyida Ismoilov yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun 5800 tenge jarima olgan va bu pulni to‘lagan. Biroq videoyozuvni tahlil qilgach, u tayinlangan jazoning to‘g‘riligiga shubha qila boshlagan.
Militsiya ustidan berilgan shikoyat rad etilgan, biroq Ismoilov taslim bo‘lmagan va sudga da’vo arizasini bergan. U o‘z da’vosi va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish uchun ChatGPT sun’iy intellektidan foydalangan. Shuningdek, haydovchi sun’iy intellekt bilan maslahatlashib, qoidabuzarlikni tahlil qilgan. Bu unga sudda g‘alaba qozonishiga yordam bergan.
Videoga ko‘ra, Ismoilov yo‘l chizig‘i ustidan yurib, yo‘lni almashtirgani uchun jarimaga tortilgan. Biroq haydovchiga oldinda harakatlanayotgan mashina birdan to‘xtab, harakatga to‘sqinlik qilgan. Favqulodda vaziyat yuzaga kelmasligi va boshqa harakat ishtirokchilari uchun yo‘lni to‘sib qo‘ymaslik maqsadida Ismoilov chiziqqa chiqib, aylanma yo‘lni bosib o‘tgan.
Sud Ismoilov foydasiga qaror chiqargan va jarimani bekor qilgan.
“Tovon pulini olish uchun fuqarolik sudiga murojaat qilmoqchiman. Men sudga ariza berishdan asosiy maqsadim pul olish emas, balki o‘z huquqlarimni himoya qilishdir”, deydi haydovchi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda 2025 yilning dastlabki ikki oyida Qozog‘iston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 599-moddasiga ko‘ra, svetoforning qizil chirog‘idan o‘tish bo‘yicha 106 mingta qoidabuzarlik qayd etilgan. Bu 2024 yilning shu davriga nisbatan qariyb olti barobar ko‘pdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Nevada shtati Las-Vegas shahridagi Trump International mehmonxonasi yonida portlagan Cybertruck avtomobili haydovchisi tayyorgarlik jarayonida ChatGTP chatbotidan foydalangani haqida xabar berilgan edi.
Bunyod Keldiboyev
LiveBarchasi