Olmaotada Ozarbayjon va Armaniston muzokaralari bo‘lib o‘tdi (video)
Olam
−
11 may
3529Ozarbayjon va Armaniston Tashqi ishlar vazirlari Jayhun Bayramov va Ararat Mirzoyan kecha, 10 may kuni ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish uchun Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Do‘stlik uyiga bordi. Bu haqda uchala davlatning TIVlari xabar berdi.
“Mehmonlarni Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Murat Nurtleu kutib oldi. Keyin vazirlar kutib olish marosimi uchun Davra zaliga yo‘l olishdi. Aynan shu zalda 1991 yilda MDH davlatlarining mustaqil rivojlanishi asoslarini mustahkamlagan va davlatlararo chegaralarni belgilash tamoyillarini tasdiqlagan Olmaota deklaratsiyasi imzolangan”, deyiladi Qozog‘iston TIV xabarida.
Nurtleu Ozarbayjon va Armaniston Qozog‘iston uchun nafaqat yaqin davlatlar, balki muhim strategik hamkorlar ekanini ta’kidladi, tomonlarga samarali ish va muloqot tiladi.
Kutib olish marosimidan so‘ng Ozarbayjon va Armaniston delegatsiyalari ikki tomonlama formatdagi muzokaralarni boshlash uchun qo‘shni zalga o‘tdi.
Ozarbayjon va Armaniston TIVlarining bayonotlariga ko‘ra, vazirlar delimitatsiya bo‘yicha erishilgan yutuqlar va kelishuvlarni olqishlagan. Vazirlar va ularning delegatsiyalari Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik va davlatlararo munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim loyihasi qoidalarini muhokama qilishda davom etgan. Tomonlar kelishmovchiliklar mavjud bo‘lgan ochiq masalalar bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib olgan.
Vazirlar Qozog‘iston tomoniga Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida muzokaralar olib borgani uchun minnatdorlik bildirdi.
LiveBarchasi