Olmaliqda 17 kishi koronavirusdan vafot etdimi?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bir necha bor O‘zbekistonga koronavirus kirib kelmagani haqida rasmiy bayonot berilishi, qolaversa, Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda ham mamlakatda koronavirus qayd etilmagani haqida axborot berilganiga qaramasdan, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonga allaqachon koronavirus kirgani va undan bir necha fuqarolar vafot etgani haqida mish-mishlar tarqalmoqda. Navbatdagi mish-mish bugun, 12 mart kuni Telegram orqali tarqatildi. Unda qayd etilishicha, Olmaliq shahrida 17 kishi koronavirusdan vafot etgan. 

Dunyo miqyosida bir kishining koronavirusdan vafot etishi nari tursin, kasallikka chalinishining o‘zi favqulodda holat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda Olmaliqda 17 kishining o‘lishiga davlat qanday qilib jim qarab turishi mumkin? Qanday qilib buni odamlardan yashirish mumkin? 17 kishining qarindosh-urug‘i, yaqinlari, siz qolib, xabar yetkazadigan ishonchli vakillari yo‘qmi? Lof ham evi bilanda, deging keladi. 

Holatni bee’tibor qoldirmagan Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu mish-mishlarga nisbatan quyidagicha rasmiy bayonot berdi:

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasining kirib kelganligi, hattoki, Olmaliq shahrida ushbu virus tufayli 17 nafar fuqaro vafot etganligi haqidagi audioxabar mutlaqo asossiz va yolg‘on.

Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yopiq yig‘ilish o‘tkazilganligi haqidagi iddao ham umuman asossiz. Aslida koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasidagi amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar haqida keng jamoatchilik muntazam xabardor qilib borilmoqda.

Takror bo‘lsa-da, aytib o‘tish lozimki, dunyodagi epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining oldini olish borasida barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda va bu jarayon qat’iy nazoratga olingan.

Jumladan, davlat chegaralarida mavjud 53 ta sanitariya-karantin punktlariga qo‘shimcha shifokor mutaxassislar, zarur tibbiy jihozlar, jumladan, teplovizor va kontaktsiz termometrlar, shaxsiy himoya vositalari ajratilib, faoliyat samaradorligi kuchaytirildi.

Mazkur punktlardan o‘tayotgan har bir fuqaroning yashash joyi bo‘yicha ma’lumotlar olinib, birlamchi tibbiyot muassasalari tomonidan tibbiy kuzatuv yo‘lga qo‘yilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 15 yanvaridan ayni paytga qadar mamlakatimiz bo‘yicha 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olingan fuqarolardan 5082 nafarida hech qanday infeksiya alomatlari aniqlanmaganligi uchun kuzatuvdan chiqarilgan, 2214 nafar fuqarolarda esa tibbiy kuzatuv davom ettirilmoqda”.

Ma’lumot o‘rnida, dunyo miqyosida koronavirusdan xastalanganlar 129 347 nafarga yetdi. Vafot etganlar esa 4749 nafarni tashkil etmoqda. 68 661 kishi esa ushbu darddan forig‘ bo‘ldi. 

Ayni paytga qadar yurtimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq biron bir holat aniqlanmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Olmaliq koronavirus

Baholaganlar

1434

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing