Olmaliq hokimi o‘g‘lining xurmacha qiliqlari sabab ishdan olindi

Jamiyat

image

2019 yilning avgustidan buyon Olmaliq shahar hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Usmon Rahimov o‘g‘lining xurmacha qiliqlari sabab lavozimidan ozod etildi. 

Bugun, 13 oktyarbr kuni Xalq deputatlari Olmaliq shahar kengashining navbatdan tashqari oltinchi chaqiriq VIII sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Kun tartibidagi masala bo‘yicha Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov ma’ruza qildi. 

Viloyat hokimi o‘z so‘zida Omaliq shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarga to‘xtaldi, shuningdek, rahbar odam o‘z shaxsiy hayotiga ham e’tiborli bo‘lishi, oilasiga vaqt ajratishi, farzandlar tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanishi lozimligi xususida so‘z yuritdi.

"Bugungi kunda muhtaram Yurtboshimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda ochiqlik siyosati joriy etilgan. Hammamiz jamoatchilikning qat’iy nazoratidamiz.

Shuningdek, ishlayman degan odamga barcha sharoit yaratib berilgan. Mashina, yaxshigina oylik maosh beriladi.

Xabaringiz bor, yaqinda Olmaliq shahri hokimi bilan bog‘liq holat internetda tarqaldi. Zamon tezkor. Har qanday voqelik tez tarqalayapti. Agar u yomon, noxush bo‘lsa, eshitib ich-ichingdan ezilasan kishi...

Yaxshi bilasizlarki, yurtimizda kambag‘allikka qarshi kurash boshlandi. Yurtboshimiz BMT bosh minbaridan turib, kambag‘allikka qarshi kurash tashabbusini ilgari surdilar. Shunday paytda bu voqea bo‘lib tursa, rahbarning oilasida shunday muhit bo‘lsa, mutlaqo tushunarsiz holatdir.

Shahar hokimi qanday inson bo‘lishi kerak? Rahbarga ko‘p narsa bog‘liqligini hayot haqiqati tasdiqlaydi. Hokim shu hududning otasi. 

Men Usmon Rahimovning hokimlik faoliyati mutlaqo qoniqarsiz, u ishlamadi, demoqchi emasman. Bu o‘rinda gap rahbarning har jihatdan el-yurtga o‘rnak bo‘la olishi haqida ketayapti. Binobarin, donishmand xalqimiz rahbarning, uning oilasining kamtarlik fazilatiga qarab baho beradi", deydi Xolmatov. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Usmon Rahimovning o‘g‘li avtomobilni katta tezlikda qoidalarni buzib boshqargani va sheriklari bilan ota-bolani do‘pposlagani tasvirlangan videolar tarqalgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Olmaliq

Baholaganlar

1262

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing