Oliy ta’lim “kapital ta’mir”ga muhtoj. G‘ofurjon Muhamedov oliy ta’limning ahvoli haqida
Jamiyat
−
31 may 2019
4778O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 24 may kuni ilm-fan namoyandalari bilan bo‘lgan uchrashuvda bildirgan fikrlari yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti rektori, O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi G‘ofurjon Isroilovich Muhamedov o‘z munosabatini bildirdi. Maqola Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan e’lon qilindi.
Oliy ta’lim bugungi kun talablariga javob beryaptimi? Nima uchun ilm-fan va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot poydevorini yaratib berishi kerak bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari o‘z vazifalarini yetarli darajada bajara olishmayapti? Kimlar yoki nima bunga xalaqit berayapti? Sohadagi muammolarni hal qilishning yechimi qanday? Biz oliy ta’lim tub islohotini nimadan boshlashimiz kerak va undan ko‘zlangan asosiy maqsad nima bo‘lishi kerak? O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ilm-fan namoyandalari, Oliy ta’lim muassasalari rektorlari hamda iqtidorli talabalar bilan bo‘lgan muloqoti aynan ushbu prinsipial masalalarni ochiq-oshkor o‘rtaga tashlash va yechimlarning umumiy konturlarini belgilashga bag‘ishlandi.
Bugungi kunda bir narsa oydinlashib qoldi: nafaqat “kosmetik”, hatto uncha-muncha jiddiy sanaladigan “joriy ta’mirlash” bilan ham oliy ta’lim, jumladan, oliy pedagogik ta’limni isloh qilib bo‘lmaydi. Oliy ta’limning bosh g‘oyasini, aytish mumkinki, falsafasini o‘zgartirish kerak. Oliy ta’limga yondashuvni, undan ko‘zlangan maqsadlarni tubdan o‘zgartirish, yondashuvni maqsad bilan uyg‘unlashtirish kerak. Buning esa, bizningcha, ikki asosiy ustuvor yo‘nalishi bor: ichki va tashqi integratsiyaga erishish.
Ichki integratsiya – ham oliy ta’lim muassasalariaro, ham sohalar kesimida, ham sohada faoliyat yurituvchi olim va mutaxassislar o‘rtasida uzviy, uzluksiz, doimiy aloqadorlikni ta’minlash, bir joyda bo‘layotgan o‘zgarish va yangiliklar bilan boshqa joyda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni tezkor xabardor qilish va erishilgan ilmiy natijaning keng miqyosdagi aprobatsiyasini amalga oshirishdir. Tashqi integratsiya esa o‘z qobig‘imizda o‘ralashib qolmasdan har bir fan yo‘nalishi, sanoat sohasi bo‘yicha rivojlangan mamlakatlardagi ahvolni yaqindan bilish, fikr almashish va shu yo‘l bilan qadamlarimizni rivojlangan dunyo bilan rostlashdir. Har ikki sohada ham kamchiliklarimiz talay ekanligi bugungi kunda ayon bo‘lib qoldi.
Hozirgi dunyo ilm-fani va ta’limining rivojlanishini kuzatadigan bo‘lsak, uning tor ixtisoslik tomonga yo‘nalganligini ko‘rishimiz mumkin, ya’ni hozirgi rivojlanish va raqobatga dosh berish uchun, yuzaki qaraganda har tomonlama bilimga egadek ko‘rinadigan, aslida esa har sohadan bir shingil biladigan chalasavodlar emas, bir sohani juda chuqur biladigan, shu sohaga javob bera oladigan, sohadagi muammolar bilan besh barmoqday tanish tor soha mutaxassisi kerak.
Keyingi dolzarb va og‘riqli masala – erishilgan ilmiy, amaliy va innovatsion natijalarni talabalar auditoriyasiga olib kirish, ilm-fan va ta’lim o‘rtasidagi aloqa tezkorligi va muntazamligini oshirishdir. Yashirishdan foyda yo‘q: bugungi kunda ilm-fan va ta’lim o‘rtasidagi uzilish juda katta. Buning yechimi esa tizimli islohotlar o‘tkazish: respublikadagi ilm-fan uchun mas’ul bo‘lgan tuzilmalarni ta’lim, xususan, oliy ta’lim bilan birlashtirishning ta’sirli mexanizmlarini topish kerak. Gap ularni optimallashtirish haqida ham borishi mumkin. Ta’limning hozirgi kunda uchga: maktabgacha, o‘rta maktab va oliy ta’limga bo‘linib qolganligi, ular o‘rtasida muvofiqlikni ta’minlash har doim ham ko‘ngildagidek kechmayotganligini ham tan olishimiz kerak. Fan va ta’lim jarayonining to‘rt asosiy ishtirokchisi: Fanlar akademiyasi, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi va Oliy ta’lim vazirliklari o‘rtasidagi uzluksiz aloqadorlikni ta’minlashning yo‘lini topish kerak.
Oliy ta’lim, professor-o‘qituvchi va ilm-fan oldidagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash kerak. Professor-o‘qituvchi oldiga faqat ikki talabni: ilm va sifatli dars o‘tish talabini qo‘yish kerak, vassalom.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘zlarining qator chiqishlari, nutq va ma’ruzalarida ham, kechagi uchrashuvda ham hozirgi kunda biz uchun oddiy rivojlanish g‘oyalarining yetarli emasligini, aynan innovatsion, “yorib o‘ta oladigan” g‘oyalargina ahvolni o‘nglashi mumkinligini qayta-qayta ta’kidlamoqdalar. Boshqacha aytganda, shunchaki yengil usullar bilan ahvolni o‘nglash mushkul, hatto imkonsiz, bizga hozir ilmiy, ta’limiy jarayonlar, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotga ta’sir qiladigan darajadagi tub o‘zgarishlar zarur. Bir so‘z bilan aytganda, bizga hozirgi kunda ilm-fan va ta’limni yaxlit qamrab oladigan birlashtiruvchi bir g‘oya kerak, fan va ta’lim ishtirokchi sub’ektlari o‘rtasidagi muntazam va uzviy aloqadorlikni, so‘nggi mahsulot – ilmiy, innovatsion natijalar va ilmiy-pedagogik kadrlarning nafaqat ichki bozorda, jahon miqyosida ham bozorgirligini, tijoriylashuvini ta’minlay oladigan tizim zarur. Men Prezident bilan uchrashuvdan ushbu muhim xulosalarni oldim. Eng ahamiyatli tomoni ochiq-oshkora va samimiy ruhda o‘tgan mazkur muloqotda ilm-fan, ta’lim-tarbiya hamda iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi mavjud muammolarning yechimi bo‘yicha umumiy gaplar emas, balki aniq, maqsadli, foydali va manfaatli yechimlar taklif etildi, 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Konsepsiyani ishlab chiqish zarurligi haqida aniq tavsiyalar berildi.
Uchrashuv men uchun istiqbolda pedagogik ta’limni yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi g‘oya, tashabbus va innovatsiyalarni rivojlantirishda yangi fikrlar berdi. Buning uchun esa birinchi navbatda barchamizning ziyolilar, ta’lim sohasi xodimlarining dunyoqarashi va tafakkuri o‘zgarishi kerakligi zaruriy shartlardan biridir.
LiveBarchasi