“Zamhokim”ning o‘g‘li zo‘rlagani aytilgan qiz ishi bo‘yicha sud hukmi bekor qilindi
3-sahifa
−
11 avgust 2022
40633Bugun, 11 avgust kuni O‘zbekiston Oliy sudi Andijonda jinsiy zo‘rovonlik qurboni bo‘lgan 14 yashar qiz ishini kassatsiya tartibida ko‘rib chiqib, shu paytgacha chiqarilgan barcha darajalagi sud hukmlarini bekor qildi. Bu haqda inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, jinoyat ishi protsessual talablar qo‘yilib, qayta sud tergovi o‘tkazish uchun Toshkent shahar sudining appelyatsiya instansiyasiga yuborilgan.
“Katta ehtimol bilan ishga nisbatan Saida Mirziyoyevaning aralashuvi ta’sir qildi, deb o‘ylayman. Aksincha, qizga jinsiy tajovuz qilgan shaxslarga nisbatan juda yengil jazo tayinlangan, ular qisqa muddatli qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqarilgandi.
"Zamhokim"ning o‘g‘li doxil zo‘rovonlarga nisbatan endi qayta tergovlar boshlanadi, ularni uzoq yillik qamoq kutmoqda.
Menimcha, pedofiliya jinoyatlari turkumi uchun jinoiy jazolarni kuchaytirish fursati yetdi. Qachongacha kimningdir ta’siri bilan adolat qaror topadi”, deb yozgan Tashanov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Tashanovning ma’lum qilishicha, jabrlanuvchining onasi NeMolchi loyihasiga yo‘llagan murojaatida qiziga faqatgina buzuq harakatlar qilinmaganini, aksincha, u zo‘rlanganini aytmoqda.
“2021 yil 11 may kuni 13 yosh qizimni hokim o‘rinbosarining o‘g‘li hokimiyat mashinasida 3 ta oshnasi bilan hech kim ovozini eshitmaydigan va qochishga imkoni yo‘q joyga olib borib, zo‘rlik ishlatib, ko‘krak qismlarini chidab bo‘lmas darajada ko‘kartirib, o‘z jinsiy ehtiyojlarini qondirishgan. Bu "maxluq"larga faqatgina 4 oy jazo berildi. Ammo ular bir yarim oyda koloniyadan chiqdi, meni qizimni esa maktabda o‘qib yurgan joyidan olib, voqea yuz berganidan 14 kun o‘tib, tarbiyasi og‘ir bolalar maktabiga noqonuniy ravishda yuborishdi. Sababi "maxluq"lardan birining onasi hokim o‘rinbosari edi.
Men qizimga chiqarilgan ajrim ortidan juda ko‘p joylarga uchrab, qizimni tarbiyasi og‘ir bolalar maktabiga noqonuniy yuborishganini isbotladim. Qizimga chiqarilgan ajrimni Oliy sud tarafidan bekor qildirdim va ajrim chiqargan Paxtaobod sudyasi, apellyatsiyamni qanoatlantirmagan Andijon viloyat sudyasining ham ustidan yozib, intizomiy jazoga torttirdim. 13 yosh qizimga qilingan bu zulmlarni umrimning oxirigacha unutmayman.
U bolalar bir yarim oyda qamoqdan chiqdi va qolgan ikki sherigi bilan Moskvaga qochib ketdi. Ikki nafari hattoki jazo olmadi, isboti topilmadi, deb bu ishni yopishdi. Vaholanki, mashinada 4 kishi borligini ko‘rgan guvoh xam bor edi. Ilk tergov vaqtlari ular xam tergovga qatnashgan ekan. Meni voyaga yetmagan qizimga “agar 4 kishi ekanimizni aytsang, o‘ldirib ketamiz, hech kimni ruhi xam bilmaydi”, deb tahdid qilishgan. Qizim qo‘rqqanidan aytolmagan, ammo guvoh aytganidan keyin, qizim ham aytishga majbur bo‘ldi.
Hattoki Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili – ombudsman ham qo‘limdagi dalil va isbotlarimni ko‘rib, o‘z rasmiy sahifalariga joylashtirdi. Bizni himoya qilib, sudga ham bir necha bor tavsiya xatlari kiritdi, ammo sudyalar yana u yigitlar tarafda turdi”, deydi jabrlanuvchining onasi NeMolchi.uz loyihasiga yo‘llagan maktubida.
Ma’lumot uchun, Andijon viloyati Paxtaobod tumani hokimi o‘rinbosari D.X.ning o‘g‘li I.Sh. va uning sherigi M.A. voyaga yetmagan qizga buzuq harakat qilgani haqida xabar bergan edik. Voqea 2021 yil 11 may kuni sodir bo‘lgan. Bosh prokuraturaga ko‘ra, “zamhokim”ning o‘g‘li I.Sh. va uning sherigi M.A. o‘zaro jinoiy til biriktirib, o‘tgan yili 11 may kuni soat taxminan 22:00 da 16 yoshga to‘lmagan O.I.ni (2007 yilda tug‘ilgan) boshqaruvida bo‘lgan Nexia-3 mashinasida Andijon shahriga olib ketgan. Paxtaobod tumaniga qaytishda esa mashina salonida 16 yoshga to‘lmaganini bilgan holda O.I.ga turli uyatsiz buzuq harakatlar qilgan.
Mazkur holat bo‘yicha 2021 yil 11 iyunda Paxtaobod tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtaobod tumani sudining o‘tgan yil 30 avgustdagi hukmiga ko‘ra, I.Sh. va M.A. Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jinoyat ishi 2021 yil 9 dekabrda Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudi hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
LiveBarchasi