Oliy sud Mubashshir Ahmad ishi yuzasidan sudga bosim o‘tkazmaslikka chaqirdi

3-sahifa

image

Bugun, 19 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida diniy olim va bloger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlangandi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov esa ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlardan mazkur ish doirasida sudga nisbatan ijtimoiy bosim ehtimolini yuzaga keltirishdan tiyilishini so‘radi. 

Uning qayd etishicha, sudlanuvchi aybsizlik prezumpsiyasiga asosan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan ayblari aniqlanmaguncha aybsiz hisoblanadi. Shu bois, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan Alisher Tursunovning aybli yoki aybsizligi yuzasidan turli taxmin va shubha-gumonlarga berilmasliklari, shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmasliklari so‘ralgan. Chunki sudlanuvchining ayblilik masalasiga faqatgina sud tomonidan huquqiy baho beriladi.

“Shu o‘rinda ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlardan sudning odil sudlovni ta’minlash borasidagi beg‘arazligi va xolisligini gumon ostida qoldiruvchi chiqishlar qilib, sudga nisbatan ijtimoiy bosim ehtimolini yuzaga keltirishdan tiyilishlari so‘raladi”, deydi matbuot kotibi.

Aziz Obidov “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 66-moddasi talablariga muvofiq ommaviy axborot vositalari o‘z xabarlarida muayyan ish yuzasidan sud muhokamasi natijalarini oldindan o‘zicha hal qilib qo‘yishga yoki sudga qanday shaklda bo‘lmasin, ta’sir ko‘rsatishga haqli emasligini eslatgan.

Ma’lumot uchun, ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining sudyasi B. Rahimov raisligida ko‘rib chiqilmoqda. Tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra, Alisher Tursunov Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi, 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)da tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. Ayni paytda sudlanuvchiga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Qo‘shimcha ma’lumot sud jarayoni yakuni bo‘yicha beriladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyida Alisher Tursunov Istanbulning Bohchashehir mavzeidagi uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgani haqida xabar berilgan edi. Keyinchalik, ijtimoiy tarmoqlarda Tursunov Turkiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Alisher Tursunovni Turkiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinganini rasman tasdiqlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Mubashshir Ahmad Alisher Tursunov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing