Oliy Rada yangi qonun va taqiqlarini e’lon qildi
Olam
−
29 may 2023
6738Bugun, 29 may kuni Oliy Rada yig‘ilishida qator masalalar yuzasidan muhim qarorlar chiqarildi. Bu haqda Ukraina parlamenti deputatlari ma’lum qildi.
Xususan, Oliy Rada deputati Aleksey Goncharenko o‘z Telegram-kanalida Ukrainada G‘alaba kunini 8 mayga ko‘chirilganini yozgan.
“8 may – Rasman Xotira va Ikkinchi jahon urushida natsizm ustidan qozonilgan g‘alaba kuni. Yevropa davlatlarida natsizm ustidan qozonilgan g‘alaba har yili 8 mayda, fashistlar Germaniyasi taslim bo‘lgan kuni nishonlanadi. Shunday qilib, Ukraina demokratik dunyoga qo‘shiladi”, deydi deputat.
Shuningdek, Oliy Radada Ukraina va Belarus o‘rtasidagi fuqarolarning pensiya ta’minoti sohasidagi huquqlarini kafolatlash to‘g‘risidagi bitimni denonsatsiya qilish uchun ovoz berilgan.
Aytish joizki, 2022 yil bahoridan beri Ukraina hukumati Belarus bilan ko‘plab hamkorlik shartnomalarini denonsatsiya qila boshlagan. Xususan, joriy yilning aprel oyi boshida Ukraina Vazirlar Mahkamasi 1995 yil 14 dekabrda Kiyevda Belarus hukumati bilan imzolangan fuqarolarning pensiya ta’minoti sohasidagi huquqlarini kafolatlash to‘g‘risidagi shartnomani denonsatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullagan.
Bundan tashqari, Oliy Rada 2022 yil 1 dekabrgacha Alfa-Bank Ukraina deb nomlangan Sense Bank’ni milliylashtirishga ruxsat beruvchi qonun loyihasini ma’qullagan.
“Nihoyat, Rada ikkinchi o‘qishda Ukrainaning ayrim qonun hujjatlariga harbiy holat sharoitida bankni bozordan olib chiqish tartibini takomillashtirish bo‘yicha o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Qonun loyihasi Ukraina Milliy bankiga sanksiyalangan mulkdorlar banklarini milliylashtirish imkonini beradi”, deb yozadi deputat Yaroslav Jeleznyak o‘z Telegram-kanalida.
Shu bilan birga, Oliy Rada Ukrainada dron ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ikkita qonun loyihasini qabul qilgan. Deputat Goncharenkoning yozishicha, yangi qonun korxonalarni harbiy holat davrida qo‘shilgan qiymat solig‘i va o‘z ishlab chiqarish faoliyati uchun olib kiriladigan dronlarning butlovchi qismlariga qo‘yilgan bojlargan ozod qiladi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning fevralida Ukraina hukumati Eksport nazorati davlat xizmatidan ruxsat olmasdan, dronlar va ular uchun ehtiyot qismlarni mamlakatga olib kirishga ruxsat bergan. 28 yanvar kuni Ukraina Mudofaa vazirligi 2023 yilda mamlakat Qurolli Kuchlari uchun uchuvchisiz samolyotlar xaridi ko‘payishi, buning uchun 544 million dollarga yaqin mablag‘ ajratilishini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Ukraina parlamenti Kiyev tomonidan Eronga qarshi 50 yil muddatga sanksiyalar joriy etish haqidagi qarorni ham yoqlagan. Tegishli qaror uchun 328 deputat ovoz bergan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 may kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Oliy Radaga Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qarorini ma’qullash to‘g‘risidagi rezolyutsiya loyihasini taqdim etgandi. Sanksiyalar Eron bilan savdo operatsiyalarini to‘liq taqiqlash, Eron fuqarolarining Ukraina hududi orqali resurslar tranziti, reyslari va tashishlarini to‘xtatish, Kiyevning Eron fuqarolariga nisbatan iqtisodiy va moliyaviy majburiyatlarini bajarishdan bosh tortishi, texnologiyalar va intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni ularga o‘tkazish to‘g‘risida taqiqni nazarda tutadi. Bundan tashqari, Ukrainada Eron fuqarolarining elektron to‘lovlariga xizmat ko‘rsatilmaydi.
LiveBarchasi