Olimpiada yakunlari: O‘zbekiston medallar jamg‘arish bo‘yicha nechanchi o‘rinda?

Sport

image

Joriy yilning 23 iyulidan 8 avgustga qadar bo‘lib o‘tgan Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 3 ta oltin va 2 ta bronza medal qo‘lga kiritdi. Ushbu natija evaziga delegatsiya vakillari medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida 32, MDH mamlakatlari orasida 2 hamda turkiy davlatlar (hatto Turkiyani ham ortda qoldirib) va Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida 1-o‘rinni egalladi.

Rio Olimpiadasida 21-o‘rinni band etgan O‘zbekiston sportchilari bu safar 11 pog‘ona pastladi.

MDH mamlakatlari orasida Rossiya Olimpiya qo‘mitasidan (ROQ) so‘ng, 2-o‘rin band qilindi. ROQ vakillari 20 ta oltin, 28 ta kumush va 23 ta bronza medaliga egalik qildi. 

Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa o‘zbekistonlik sportchilar umumjamoa hisobida 1-o‘rindan joy oldilar. 2-o‘rinni egallagan Qirg‘iziston delegatsiyasi ikkita kumush va bitta bronza medalni qo‘lga kiritgan. Keyingi o‘rinlar Turkmaniston (bitta kumush) va Qozog‘iston (8 ta bronza) terma jamoalariga nasib etdi. Tojikiston esa musobaqani medalsiz yakunladi.

19 yoshli taekvondo ustasi Ulug‘bek Rashidov O‘zbekiston tarixida Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritgan eng yosh sportchi bo‘ldi. 21 yoshli og‘ir atletikachi Akbar Jo‘rayev umumiy hisobda 430 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirib, Olimpiya rekordini o‘rnatdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bokschi Bahodir Jalolov finalda amerikalik bokschini taslim qilgan holda terma jamoa hisobiga 3-oltin medalni yozdirib qo‘ydi. Shu bilan bir qatorda, Bahodir 2017 yilgi Jahon chempionatidan buyon birorta jangda mag‘lub bo‘lmadi.

O‘zbek dzyudosining umidli vakili Davlat Bobonov o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay oldi va yakunda kuchli sportchilarni yengib, bronza medalga ega bo‘ldi. Hozirda MMA sportida ham faoliyat olib borayotgan erkin kurash vakili Behzod Abdurahmonov o‘zbekistonlik sport kurashchilarning an’anasini davom ettirib, bronza medalni qo‘lga kiritdi. 

Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi 5 ta medal bilan Olimpiadani yakunladi.


Maqola muallifi

Teglar

MDH O'zbekiston Bahodir Jalolov Davlat Bobonov Ulug'bek Rashidov Akbar Jo'raev Behzod Abdurahmonov

Baholaganlar

717

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing