Olimpiada boykoti: Yaponiya AQSH yo Xitoyni tanlashga ikkilanyapti

Olam

image

Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida Xitoy poytaxti Pekinda o‘tkaziladigan qishki Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida qatnashmaydi. Bu haqda hukumat rahbari bugun, 16 dekabr kuni parlament yuqori palatasining byudjet komissiyasi muhokamasi chog‘ida ma’lum qildi.

Kishida ochilish marosimida boshqa rasmiylar ishtirok etadimi yoki yo‘qmi  bunga aniqlik kiritmagan va uning AQSH boshchiligidagi inson huquqlari bo‘yicha boykotga qo‘shilishi ham noma’lumligicha qolmoqda.

“Men o‘zim ham Olimpiadada qatnashishni rejalashtirmayapman”, dedi u. Shu bilan birga, hukumat rahbari Yaponiya o‘zining milliy manfaatlarini hisobga olgan holda tez orada O‘yinlarning ochilish marosimi va boshqa tadbirlarda rasmiy shaxslarning ishtiroki bo‘yicha yakuniy qarorni qabul qilishini qo‘shimcha qildi. 

Dastlabki rejaga ko‘ra, joriy yilda Tokioda bo‘lib o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi raisi Seiko Xashimoto Pekinga boradi.
 
Ma’lumot uchun, joriy yilning 6 dekabr kuni AQSH Pekin Olimpiadasiga diplomatik boykot e’lon qildi, bu Amerika rasmiylarini XXRga yubormaslikni nazarda tutadi. Boykot sportchilarga taalluqli emas. Ayni paytda AQSH tashabbusi Avstraliya, Britaniya, Yangi Zelandiya va Kanada tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Xitoy bu qarorni Olimpiya Xartiyasiga zid ravishda siyosiy manipulyatsiya deb atadi va javob choralarini ko‘rishga va’da berdi.

Boykotda ishtirok etayotgan davlatlar o‘z qarorini Xitoyning inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzib, Shinjoy-Uyg‘ur avtonom viloyatidagi uyg‘urlarga nisbatan olib borayotgan siyosatini, Gonkongdagi demokratiya va erkinliklar bostirishga bo‘lgan urinishlari bilan bog‘ladi.

Boykot AQSHning Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi asosiy ittifoqchisi Yaponiyani O‘yinlar ochilishiga ikki oydan kamroq vaqt qolganida qiyin ahvolga solib qo‘ydi.

Kelgusi yil Yaponiya va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 50 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan Tokio Xitoy tomonining salbiy munosabatini keltirib chiqarmaslik uchun O‘yinlarga delegatsiya yuborishdan butunlay voz kechmoqchi emas. 

Bundan tashqari, Xitoy rasmiylari koronavirus bilan bog‘liq keng jamoatchilik e’tiroziga qaramay, Tokiodagi yozgi Olimpiada o‘yinlarini o‘tkazish qarorini qo‘llab-quvvatlagandi. 

Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje In shu hafta uning mamlakati boykotga qo‘shilmasligini aytib, 4-20 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan o‘yinlarni Seulning Pekin bilan munosabatlari uchun "ijobiy" deb ta’rifladi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin Munning bayonotini ma’qulladi.

2024 yilgi yozgi o‘yinlarga mezbonlik qilishi kerak bo‘lgan Fransiya esa Pekinga yuqori darajadagi rasmiylarni yuborishini aytdi.

Shahlo Orziyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

78

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing